Jahon | 08:08 / 01.11.2022
7557
3 daqiqa o‘qiladi

Shols «iflos bomba» haqida: Kiyevga qarshi ayblovlar asossiz

Shols Zelenskiy bilan suhbatda Rossiyaning Ukraina go‘yoki «iflos bomba» ishlatishga tayyorlanayotgani haqidagi ayblovlarini asossiz deb hisobladi. Germaniya kansleri, AEXA tekshiruvi bu boradagi barcha shubhalarni yo‘q qiladi, deb ta’kidladi.

Foto: Reuters/Michele Tantussi

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiyaning Ukraina «iflos bomba» deb atalmish qurilmadan foydalanishga tayyorlanayotgani haqidagi da’volarini asossiz, deya keskin rad etdi. Bu haqda Shols Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida ma’lum qildi. Suhbatdan keyin ommaviy axborot vositalariga bayonot 31 oktyabr, dushanba kuni Germaniya hukumati vakili Shteffen Xebestrit tomonidan tarqatildi.

«Kansler Ukraina prezidentining Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) tomonidan Ukraina tomoni tashabbusi bilan o‘tkazgan mustaqil tekshiruvi bu boradagi barcha shubhalarni bartaraf etishi haqidagi fikriga qo‘shildi», — deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, Germaniya hukumati rahbari Rossiya qo‘shinlari tomonidan Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasini nishonga olish davom etayotganini qoraladi.

Siyosatchilar dunyoda oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyatni og‘irlashtirmaslik uchun BMT shafeligidagi «g‘alla bitimi»ning amalga oshirilishi va uzaytirilishini xavf ostiga qo‘ymaslikka chaqirdi, deyiladi bayonotda.

Germaniya kansleri Germaniya «Ukrainani siyosiy, moliyaviy va gumanitar jihatdan, shuningdek, uning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish masalasida, shu jumladan qurol-yarog‘ yetkazib berish orqali yordam berishdan voz kechmasligini» ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida tomonlar Ukrainadagi harbiy, siyosiy va gumanitar vaziyat, shuningdek, Kiyevga kelgusida yordam ko‘rsatish imkoniyatlari, xususan, uni tiklash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Rossiyaning Kiyev «iflos bomba»dan foydalanishga tayyorlanayotgani haqidagi ayblovlaridan so‘ng, 31 oktyabr kuni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik inspektorlari Ukraina hukumati iltimosiga ko‘ra, Ukrainadagi ikkita yadroviy inshootni tekshirishni boshladi. Agentlik bosh direktori Rafael Grossining so‘zlariga ko‘ra, tekshiruv bo‘yicha dastlabki hisobot shu hafta oxirigacha e’lon qilinadi.

Avvalroq, 25 oktyabr kuni Germaniya kansleri Berlindagi xalqaro anjumanda Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha yangi Marshall rejasini ishlab chiqishga chaqirgan edi. «Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish majburiyati bizning davrimizning eng izchil geosiyosiy qarorlaridan biridir», deb ta’kidladi Shols.

Mavzuga oid