Sport | 12:55 / 08.12.2022
23467
11 daqiqa o‘qiladi

Mundial raqamlari: rekordlar, antirekordlar va faktlar

Messi Maradonani ortda qoldirdi, Neymar Pele va Ronaldoga tenglashdi, Braziliya Germaniyadan o‘zib mutlaq rekord qayd etdi. Hakamlar jahon chempionati guruh bosqichidagi 48 uchrashuvga jami 511 daqiqa qo‘shib berishdi. Bu 5 ta to‘liq o‘yindan ko‘proq degani.

Foto: CLIVE BRUNSKILL / RICHARD HEATHCOTE / CATHERINE IVILL/GETTY

Qatarda o‘tayotgan JCh-2022 bahslari o‘zining qizg‘in pallasiga kirdi. Har o‘yindan keyin turli rekordlar qayd etilmoqda. Quyida musobaqada jamoalar va futbolchilar tomonidan yangilangan tarixiy rekordlar, faktlar va raqamlar bilan tanishing.

— Lionel Messi JCh-2022 nimchorakfinalida Avstraliya darvozasini ishg‘ol etib, mundiallardagi gollar soni borasida mashhur vatandoshi Diyego Maradonani ortda qoldirdi. Bu argentinaliklar yetakchisining jahon chempionatlarida urgan 9-goli bo‘ldi. Maradona hisobida 8 gol mavjud. Bu borada Gabriel Batistuta mutlaq rekordchi sanaladi – 10 gol.

Shuningdek, bu Messi uchun uning jahon chempionatlari pley-offida urgan dastlabki goli bo‘ldi. Argentinalik sardor bungacha gollarini faqat guruh bosqichida urgan.

— Messi uchun Avstraliyaga urilgan gol uning professional faoliyatidagi yubiley – 1000-uchrashuvida kiritildi. Lionel hisobida 789 gol mavjud. U klublar darajasida 831 o‘yin o‘tkazgan – «Barselona»da 778, «PSJ»da – 53 o‘yin. Argentina milliy jamoasi libosini esa 169 marta kiyib maydonga tushgan.

— Voysex Shchensni guruh bosqichida Argentinaga qarshi uchrashuvda 9 ta seyv amalga oshirdi. «Yuventus» posboni Qatardagi jahon chempionatida bir uchrashuvda eng ko‘p seyvga ega bo‘lgan yetakchi darvozabonga aylandi.

— Memfis Depay Niderlandiya milliy jamoasi to‘purarlari ro‘yxatida ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. «Barselona» hujumchisining AQSh darvozasiga yo‘llagan aniq zarbasi uning milliy jamoada urgan 43-goliga aylandi. Depay to‘purarlar poygasida 42 golga ega Klass-Yan Huntelarni ortda qoldirdi. Peshqadam Robin van Persi hisobida esa 50 gol mavjud.

— Dani Alves Braziliya milliy jamoasi libosida maydonga tushgan eng katta yoshli futbolchiga aylandi. Kamerun bilan 3-tur bahsida ishtirok etgan tajribali himoyachi 39 yosh, 6 oy va 27 kunni qarshi olgandi. «Pentakampeonlar» libosini ilk marta 2006 yilda kiygan Alves bugungi kungacha 124 uchrashuv o‘tkazib, 8 gol va 21 assist muallifi bo‘lgan.

— Luka Modrich – turli uch o‘nlikdagi jahon va Yevropa chempionatlarida qatnashgan futbol tarixidagi birinchi futbolchiga aylandi. 37 yoshli yarimhimoyachi Xorvatiya sharafini 2006, 2014, 2018 va 2022 yilgi jahon chempionatlarida, shuningdek 2008, 2012, 2016 va 2020 yilgi Yevropa chempionatlarida himoya qilgan.

— Braziliya jahon chempionatlarida guruh bosqichida qatorasiga 17 uchrashuvda mag‘lubiyatga uchramagan dastlabki jamoa bo‘ldi. Besh karra jahon chempionlarining ajoyib seriyasi Kamerunga qarshi bahsda (0:1) yakuniga yetdi.

— Saudiya Arabistoni JCh guruh raundida sariq kartochkalar soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Erve Renar shogirdlari guruh turnirining uch o‘yinida jami 14 marta ogohlantirildi: Argentina va Meksikaga qarshi o‘yinlarda 6 martadan va Polsha bilan bahsda 2 marta.

— Marokash jahon chempionatlari guruh bosqichida Afrika jamoalari orasida ochkolar soni bo‘yicha rekordni qayd etdi – 7 ochko.

— Manuel Noyyer mundiallarda darvozabonlar orasida o‘yinlar soni bo‘yicha mutlaq rekordchiga aylandi. Germaniyalik golkiper jahon chempionatlarida 19-uchrashuvini o‘tkazdi va bu borada braziliyalik Klaudio Taffarel (18) va hamyurti Zepp Mayyerni (18) ortda qoldirdi. Angliyalik Piter Shilton, ispaniyalik Iker Kasilyas, italiyalik Dino Dzoff va fransiyalik Fabiyen Bartez hisobida 17 tadan o‘yin bor.

— Hakamlar jahon chempionati guruh raundidagi 48 uchrashuvga jami 511 daqiqa qo‘shib berishdi. Bu 5 ta to‘liq o‘yindan ko‘proq degani! Jamoalar 1-turda qo‘shimcha 178 daqiqa va 2-turda ortiqcha 166 daqiqa o‘ynab bergan bo‘lishsa, 3-turda bu raqam 167 daqiqani tashkil etdi.

— Markus Reshford 1966 yilda Bobbi Charltondan so‘ng «Manchester Yunayted»ning jahon chempionatida 3 gol urgan dastlabki futbolchisiga aylandi.

— Harri Keyn 2002 yilda Devid Bekhemdan so‘ng jahon chempionatida 3 assistni amalga oshirgan dastlabki ingliz futbolchisi bo‘ldi.

— Angliya jahon chempionati final bosqichida 100 va undan ko‘proq gol urgan yettinchi jamoaga aylandi. Futbol vatani vakillariga qadar Braziliya (232 gol), Germaniya (228), Argentina (140), Italiya (128), Fransiya (126) va Ispaniya (107) jamoalari ham shunday natijani qayd etishgan.

— Shuningdek, Angliya Uelsni 3:0 hisobida mag‘lub etgach mundial guruh bosqichida gollar soni borasida o‘z rekordini ham yangiladi – 9 gol.

— Moyses Kaysedo Ekvador milliy jamoasining mundialda gol urgan eng yosh o‘yinchisiga aylandi – 21 yosh, 27 kun.

— Lui van Gaal jahon chempionatida Niderlandiya milliy jamoasini boshqargan 10 uchrashuvning birortasida mag‘lubiyatga uchramagan. Bunda «Lolalar yurti» milliy jamoasining musobaqadagi qo‘shimcha taymlari va penaltilar seriyasidagi ishtiroki inobatga olinmagan.

— Kalidu Kulibali Senegal jamoasining jahon chempionatlarida gol urgan eng katta yoshli futbolchisiga aylandi – ekvadorliklar darvozasini ishg‘ol etgan oqshomda u 31 yosh va 162 kunni qarshi olgandi. Shuningdek, u milliy jamoadagi 67-uchrashuvida dastlabki goli quvonchini tuydi.

— Niderlandiya milliy jamoasi o‘zi ishtirok etgan 9 jahon chempionatining barchasida guruhdan pley-offga chiqqan. Bu mundial ishtirokchilari orasida qayd etilgan eng yaxshi natija sanaladi.

— Kodi Gakpo Niderlandiya milliy jamoasining jahon chempionatlarida ketma-ket uch o‘yinda gol urgan to‘rtinchi futbolchisiga aylandi. «Uchar hollandlar»dan shuningdek, Yohan Neskens (1974), Dennis Bergkamp (1994) va Uesli Sneyder (2010) ushbu natijani qayd etishgan.

— Rodri jahon chempionatlarida bir uchrashuvda umumiy to‘p uzatmalar (215) va aniq to‘p uzatmalar (204) soni bo‘yicha yangi rekord natijaga ega bo‘ldi.

— Alvaro Morata Yaponiya darvozasiga gol urib, Telmo Sarraning tarixiy natijasini takrorladi. Ispaniyalik forvard bitta jahon chempionatida dastlabki uch uchrashuvda 3 gol urgan ispaniyalik ikkinchi futbolchiga aylandi. Alvaroga qadar bu natijani Telmo Sarra 1950 yilgi musobaqada qayd etgandi.

— Brunu Fernandesh Portugaliya milliy jamoasining so‘nggi 8 golida bevosita ishtirok etgan futbolchiga aylandi. Urugvayga qarshi o‘yinda dublni qayd etgan yarimhimoyachi milliy milliy jamoaning so‘nggi 5 o‘yinida 5 gol va 3 assist muallifiga aylandi.

— Kanada jahon chempionatlarining tarixiy antirekordini takrorladi. Hokkey vatani vakillari musobaqada o‘tkazgan barcha 6 uchrashuvda raqibga imkoniyatni boy berishdi. Bu borada jamoa aynan ikkita turnirda ishtirok etib barcha 6 o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan Salvador safidan o‘rin egalladi.

— Yaponiya Ispaniyaga qarshi uchrashuvda antirekord qayd etdi. «Kunchiqar yurt» vakillari o‘yin vaqtining bor-yo‘g‘i 18 foiz qismida to‘p nazoratiga ega bo‘lib, g‘alaba qozongan jamoalar orasida bu borada eng quyi ko‘rsatkichni qayd etishdi.

— Tibo Kurtua Xorvatiyaga qarshi bahsda Belgiya milliy jamoasidagi yubiley 100-uchrashuvini o‘tkazdi. Ushbu posbon «Qizil iblislar» tarixida ushbu natijaga erishgan Yan Vertongen, Aksel Vitsel, Tobi Alderveyreld, Eden Azar, Dris Mertens, Romelu Lukakudan keyingi yettinchi o‘yinchiga aylandi. 

— Ivan Perishich Xorvatiya milliy jamoasining jahon chempionatlaridagi eng yaxshi to‘purari safida peshaqadam Davor Shukerga yetib oldi. Yaponiya darvozasiga kiritgan to‘p uning mundiallardagi 6-goli bo‘ldi. JCh-1998 qahramonlaridan biri Davor Shuker hisobida ham 6 gol mavjud.

— Argentina milliy jamoasi Polshaga qarshi bahsda jahon chempionatlarida aniq to‘p uzatmasi bo‘yicha (800 pas) va aniq to‘p uzatmalar foizi (92 foiz) bo‘yicha rekordni qayd etdi.

— Stiv Mandanda Fransiya milliy jamoasi tarixida mundiallarda ishtirok etgan eng katta yoshli o‘yinchi sifatida e’tirof etildi. Tunisga qarshi JCh-2022 3-tur o‘yinida maydonga tushgan Mandanda 37 yosh va 247 kunga to‘lgan edi.

— Neymar Braziliya jamoasi safida Janubiy Koreya darvozasiga to‘p kiritib, uchta jahon birinchiliklarida gol urgan braziliyalik uchinchi futbolchi bo‘ldi – u 2014, 2018 va 2022 yilgi turnirlarda o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ygan. Neymarga qadar Pele (1958, 1962, 1966, 1970) va Ronaldo (1998, 2002, 2006) ham shu natijaga erishishgan.

— Braziliya jahon chempionatlarida qatorasiga sakkizinchi marta 1/4 final bosqichiga yo‘llanma oldi. «Selesao» bu davrda 1994 va 2002 yilgi turnirlarda bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.

— Dani Alves Janubiy Koreyaga qarshi 1/8 final o‘yinida ikkinchi bo‘limda maydonga tushib, Braziliya milliy jamoasidagi o‘yinlar soni borasida Roberto Karlosni ortda qoldirdi. Dani uchun bu «Pentakampeonlar» safidagi 126-o‘yin bo‘ldi va bu borada u ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Peshqadam Kafu hisobida 142 o‘yin mavjud.

— Braziliya jahon chempionatlarida 113-uchrashuvini o‘tkazib, bu borada Germaniyadan (112 o‘yin) o‘zib ketdi va mutlaq rekordni qayd etdi. Shuningdek, braziliyaliklar Janubiy Koreya darvozasini to‘rt marta ishg‘ol etib musobaqada umumiy gollar borasida (236 gol) Germaniyani (232) yana ortda qoldirdi.

— Tiago Silva Janubiy Koreyaga qarshi bahsda assistni amalga oshirib, jahon chempionatining eng faxriy yoshli assistentiga aylandi – 38 yosh va 74 kun.

— Messi ushbu musobaqada antirekordga ham ega bo‘ldi. U turnirda ikkita penaltidan foydalana olmagan ikkinchi o‘yinchi bo‘ldi. Argentinalik yulduz JCh-2018da Islandiya darvozasiga «nuqta»dan gol ura olmagandi. Endi esa polyak posboni Shchensnini alday olmadi. Bunday natijani qayd etgan dastlabki futbolchi Asamoa Gyan edi. Gana milliy jamoasi hujumchisi 2006 yilgi musobaqada Chexiya darvozasiga penaltidan gol ura olmagan, 2010 yilda Urugvay posbonini dog‘da qoldira olmagan. 

Mavzuga oid