Jahon | 10:22 / 19.01.2023
7632
4 daqiqa o‘qiladi

Shols Davosda Ukraina uchun tanklar masalasini ochiq qoldirdi

Germaniya kansleri Shols Ukrainaga cheksiz harbiy yordam va’da qildi. Shu bilan birga, u Kiyevga Leopard 2 tanklarini yetkazib berish haqida bir og‘iz so‘z aytmadi.

Olaf Shols / Foto: AFP

Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda Germaniyaning cheksiz yordamiga ishontirdi. Germaniya Ukrainaga «doimiy ravishda» va xalqaro hamkorlar bilan Rossiya urushda mag‘lub bo‘lishi uchun «katta miqdorda qurol» yetkazib beradi, dedi u 18 yanvar, chorshanba kuni Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida so‘zlagan nutqida. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Rossiya o‘zining «imperialistik maqsadlariga erisha olmadi», Ukraina esa «o‘zini katta jasorat va muvaffaqiyat bilan himoya qilmoqda».

Germaniya kansleri o‘z nutqida va keyinroq jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Ukrainaga Leopard 2 tanklarini yetkazib berish ehtimoli haqidagi bayonotlardan bosh tortdi. Shols Germaniya Ukrainani sifat jihatidan yangi darajadagi harbiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qarorlarni faqat ittifoqchilari bilan birgalikda qabul qilishini aytdi. U Amerika Qo‘shma Shtatlari va Fransiyani eslatib o‘tdi. «Bu bizning strategiyamiz», dedi Germaniya hukumati rahbari hamda u hali ham NATO va Rossiya o‘rtasida urush yuz bermasligi uchun harakat qilishga intilayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Shols Germaniyaning Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlari, artilleriya va piyoda jangovar texnikalarini yetkazib berganini eslatib o‘tdi. Germaniya o‘tgan yili Ukrainaga 12 milliard yevrodan ortiq yordam ko‘rsatdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh va Buyuk Britaniyadan keyin uchinchi o‘rinda turadi, dedi u. Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha Ukrainaga berilgan harbiy yordam allaqachon «Germaniya tashqi va xavfsizlik siyosatidagi tub burilish bo‘ldi».

Hozircha Shols Germaniyaning Ukrainaga tanklar yetkazib berishdan bosh tortishini bir o‘zi harakat qilishni istamasligi bilan izohlagan. Buyuk Britaniya Kiyevga 14 ta Challenger tankini berish niyatini e’lon qilgandan so‘ng, Polsha, Finlandiya va boshqa bir qator NATO davlatlari Ukrainaga o‘zlarida bo‘lgan Leopard 2 tanklarini berishga tayyor ekanliklarini e’lon qilishdi. Bu - tanklarni ishlab chiqaruvchi mamlakat sifatida Germaniyaning ruxsatini talab qiladi.

20 yanvar kuni Germaniyaning Ramshtayn shahridagi AQSh harbiy bazasida G‘arb koalitsiyasi Ukrainaga keyingi harbiy yordam masalasini muhokama qiladi. Yig‘ilishda Germaniya Federativ Respublikasining yangi mudofaa vaziri Boris Pistorius ilk bor ishtirok etadi. Myunxen xavfsizlik konferensiyasi rahbari Kristof Xoysgen 18 yanvar kuni Reuters agentligiga bergan intervyusida Pistoriusni Germaniyaning Leopard 2'ni Ukrainaga yetkazib berishga roziligini e’lon qilishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Germaniya harakat qilishga tayyor bo‘lgan hamkorlar fikrini tinglashi va ular bilan «yagona ustunda» oldinga siljishi kerak». Xoysgen, shuningdek, Yevropa tashqi siyosat kengashining ushbu tanklarni Ukrainaga birgalikda yetkazib berish va ukrainalik harbiylarni ularni boshqarishga o‘rgatish bo‘yicha Yevropa konsorsiumini yaratish bo‘yicha taklifini to‘g‘ri deb atadi.

Mavzuga oid