Jahon | 10:07 / 05.04.2023
18282
2 daqiqa o‘qiladi

Forbes: Bernar Arno dunyodagi eng boy odamlar ro‘yxatida yetakchiga aylandi

Moda va kosmetika sohasidagi fransuz tadbirkori Bernar Arnoning boyligi Forbes tomonidan 211 milliard dollarga baholangan.

Foto: Bloomberg

Bernard Arno - fransuz tadbirkori, 75 ta moda va kosmetika brendlarini, jumladan Louis Vuitton va Sephora'ni birlashtirgan LVMH guruhi rahbari, Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi eng boy odam hisoblanadi. Nashr tomonidan 4 aprel, seshanba kuni chop etilgan 2023 yilning tegishli reytingida aynan u yetakchilik qilmoqda. Forbes Arno va uning oilasining boyligini 211 milliard AQSh dollariga (193 milliard yevro) baholagan.

Bu ro‘yxatda ikkinchi o‘rinda SpaceX va Tesla kompaniyalari asoschisi, amerikalik tadbirkor Ilon Mask 180 milliard AQSh dollari (164 milliard yevro) boyligi bilan qayd etilgan. Uchinchi o‘rinda - 114 milliard dollar (104 milliard yevro) bilan Amazon rahbari Jyeff Bezos.

Microsoft asoschisi Bill Geyts oltinchi o‘rinni egalladi. Forbes uning boyligini 104 milliard AQSh dollari (95 milliard yevro) deb baholamoqda.

Ro‘yxatga rossiyalik 100 dan ortiq milliarder kiritilgan. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, eng boy rossiyalik «Yevroxim» kompaniyasi egasi Andrey Melnichenko (reytingda 58-o‘rin). Jurnal uning boyligini 25,2 milliard AQSh dollariga (23 milliard yevro) baholamoqda. 62-o‘rinni egallagan Vladimir Potanin 23,7 milliard dollarlik (21,6 milliard yevro) aktivga ega. NLMK egasi Vladimir Lisin 22,1 milliard dollar (20,1 milliard yevro) boylikka ega va 70-o‘rinda joylashgan.

Forbes dunyoning barcha milliarderlari umumiy boyligini 12,2 trillion dollar (11,14 trillion yevro) deb baholaydi. Bu 2022 yil mart oyiga nisbatan 500 milliardga kam.

Mavzuga oid