23:13 / 03.05.2023
15184

Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidan ID-karta orqali o‘tishga ruxsat berildi 

Qirg‘izistonning Jogorku Keneshi qonun loyihasini qabul qildi. 

Foto: kabar.kg

3 may kuni Qirg‘izistonning Jogorku Keneshi «Qirg‘iziston hukumati va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro sayohati to‘g‘risida 2006 yil 3 oktyabrdagi Bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi bayonnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasini uch o‘qishda qabul qildi. Kelishuv 2023 yil 27 yanvarda Bishkek shahrida imzolangan edi. 

Bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomada fuqarolarning ikki davlat hududiga kirish, chiqish, tranzit orqali borish, harakatlanish va bo‘lish hujjatlari ro‘yxatini yangilash nazarda tutilgan. 

Xususan, Qirg‘iziston tomoni kelishuvni «ID-karta» so‘zlari bilan to‘ldirdi. Shu bilan birga, hujjatdan «tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma» so‘zlari olib tashlandi. 

Qirg‘izistondan fuqarolarni noqonuniy olib chiqib ketish xavfini kamaytirish maqsadida, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasidagi ilova Qirg‘iziston hududiga kirish va undan chiqish huquqini beruvchi hujjat sifatida muomaladan chiqarildi. 

O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni kelishuvning 2-ilovasiga o‘zgartirishlar kiritdi va tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga tegishli band chiqarib tashlandi. 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni Qirg‘iziston bilan chegarani ID-karta orqali kesib o‘tish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan edi

Top