Jahon | 14:14 / 09.06.2023
8746
2 daqiqa o‘qiladi

Sudan BMT vakilini persona non grata deb e’lon qildi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sudan bo‘yicha maxsus vakili Folker Pertes nomatlub shaxs deb e’lon qilindi. Xartum hukumati uni Sudanda qurolli mojaro qo‘zg‘atganlikda aybladi.

Foto: BMT

Sudan hukumati BMTning mamlakatdagi maxsus vakili germaniyalik Folker Pertesni nomatlub shaxs deb e’lon qildi. «Sudan Respublikasi hukumati BMT Bosh kotibiga janob Folker Pertes bugundan boshlab persona non grata deb e’lon qilingani haqida ma’lumot berdi», — deb xabar berdi 9 iyun, payshanba kuni Xartumdagi Tashqi ishlar vazirligi. 

Avvalroq Sudan harbiy xuntasi rahbari Abdul Fattoh al-Burxon aprel oyi o‘rtalarida Sudan armiyasi va RSF harbiylashtirilgan guruhlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar uchun uni javobgar deb topib, Pertes iste’fosini talab qilgan edi. Pertes ayni damda Efiopiya poytaxti Addis-Abebada muzokaralar olib bormoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga yo‘llagan maktubida al-Burxon Folker Pertesni harbiy harakatlar boshlanishidan oldin o‘z hisobotlarida «Xartumda keskin vaziyat borligi faktini susaytirishda» aybladi. «Bu yolg‘on bo‘lmaganida, isyonchilar yetakchisi Dag‘lo jangovar harakatlarni boshlamagan bo‘lardi», dedi al-Burxon. 

Ayni paytda, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Sudandagi maxsus vakilini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. 

Mavzuga oid