Jahon | 11:34 / 15.07.2023
5877
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston Oyga kosmik kemasini muvaffaqiyatli uchirdi

Foto: AP

Sanskritdan tarjimada «oy avtomobili» degan ma’noni anglatuvchi Chandrayaan-3 uchuvchisiz apparati Yer tabiiy sun’iy yo‘ldoshining kam o‘rganilgan janubiy tomonini tadqiq etish uchun mo‘ljallangan.

Hindiston 14 iyul, juma kuni Chandrayaan-3 uchuvchisiz kosmik apparatini Oy tomon muvaffaqiyatli uchirdi. Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISRO) Andxra-Pradeshdagi Satish Dxavan kosmik markazidan olingan suratlarni e’lon qildi. 

Chandrayaan-3 sanskritdan tarjimada «oy avtomobili» degan ma’noni anglatadi, u Oyning kam o‘rganilgan janubiy tomonini tadqiq etish uchun mo‘ljallangan. Ammo birinchi navbatda u Yer sun’iy yo‘ldoshi yuzasiga muvaffaqiyatli qo‘nishi kerak. Ilgari faqat Xitoy, Sovet Ittifoqi va AQSh buni uddalagan. Chandrayaan-3 23 yoki 24 avgustda Oyga qo‘nishga urinishi kutilmoqda. 

Birinchi urinish muvaffaqiyatsiz tugagandi. 2019 yilda Chandrayaan-2 apparatining qo‘nish moduli Yer sun’iy yo‘ldoshi yuzasiga qulagan. Mamlakat parlamentida aytilgan ISRO ma’lumotlariga ko‘ra, Oyga yaqinlashish vaqtida tormoz tizimida muammolar yuzaga kelgan. Hindiston avvalroq Oyga boshqa missiyasini amalga oshirgan: Chandrayaan-1 birinchi Oy zondi 2008 yilda uchirilgan va Oyga qo‘nmasdan orbital parvozni amalga oshirgan.

Hindiston kosmik dasturi 1960-yillardan beri mavjud. Dastlab koinotga sun’iy yo‘ldoshlarni uchirishga e’tibor qaratildi. Mamlakat endi o‘z oldiga yanada ulkan maqsadlarni qo‘ymoqda. Yaqinda Hindiston bosh vaziri Narendra Modining AQShga tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida kosmik sohadagi hamkorlik kengayishi e’lon qilindi. 

Mavzuga oid