Mask atrofida yangi mojaro: milliarder Qrimga hujumni to‘xtatib qolganmi?
Dunyoning eng badavlat odami Ilon Mask atrofida yangi mojaro avj oldi. CNN jurnalist Uolter Ayzeksonning milliarder haqida yozayotgan avtobiografiyasiga tayanib shov-shuvli ma’lumot tarqatdi. Unda aytilishicha, Mask Starlink qurilmalari Rossiya anneksiya qilgan Qrim yarimoroli atrofida ishlamasligi bo‘yicha yashirin ko‘rsatma bergan.
Qrim flotiga hujum to‘xtatilganmidi?
Ukrain suvosti dronlari Qrimdagi Rossiya flotiga yaqinlasha boshlaganida ular aloqani yo‘qotib, sohilga chiqib qoladi. CNN bu voqea qachon sodir bo‘lganiga oydinlik kiritmagan.
«Maskning qaroridan keyin Qrimga hujum uchun Rossiya yadro zarbasi bilan javob berishidan qo‘rqqan ukrainalik mulozimlar undan aloqa tizimini qayta yoqishni o‘tinib so‘raydi. Bu vaqtda Mask rossiyalik yuqori martabali mulozimlar bilan muloqot qilgani ulardagi qo‘rquv hissini yanada oshiradi», deb Ayzeksonning asaridan iqtibos keltirgan CNN.
Bu shov-shuvli ma’lumotdan keyin Mask o‘ziga tegishli bo‘lgan Tvitter ijtimoiy tarmog‘ida Starlink Qrim atrofida o‘chirib qo‘yilmagani, tizim yarimorol atrofida avvaldan ishlamaganini aytib chiqdi. U o‘zining Space X kosmik kompaniyasi bilan bog‘liq kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarni ham tilga oldi.
«Ukraina hukumat organlari tomonidan Starlink'ni butun Sevastopol yo‘nalishida ishlatish bo‘yicha so‘rov tushgan, tabiiyki maqsad langar tashlab turgan Rossiya flotining aksar qismini suvga cho‘ktirish edi. Agar bunga rozi bo‘lganimda, Space X katta harbiy akt va eskalatsiya kuchayishiga aralashib qolgan bo‘lardi», deb yozdi Mask.
CNN e’lon qilgan maqolaga Ukraina prezidenti devoni vakili Mixaylo Podolyak ham munosabat bildirib, Maskni Rossiya Ukraina shaharlarini o‘qqa tutishiga imkon yaratib berishda aybladi.
«Ba’zan xatolar juda jiddiy bo‘ladi. Ukraina dronlariga Starlink yordamida Rossiya flotining bir qismini yo‘q qilishga imkon bermaslik orqali Mask bu flotdan Ukraina shaharlari «Kalibr» raketalari yordamida o‘qqa tutilishiga imkon yaratib berdi. Bu vaziyatdan bexabarlik va katta ego oqibatidir. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega ba’zi odamlar harbiy jinoyatchilarni va ularning odamlarni o‘ldirishga intilishini qo‘llab-quvvatlashadi? Ular nahot zulmga da’vat qilayotganini tushunmasa?» dedi Podolyak.
Shu tariqa, Mask o‘zi xohlab yoki xohlamay Ukrainadagi urushga ta’sir qila oladigan odamga aylanib qoldi. Buni AQSh hukumatidagilar ham rad eta olmaydi, deyiladi CNN maqolasida.
Rossiyaning Ukrainadagi urushida Maskning roli qanday?
Urush boshlanishi bilan Ilon Mask Ukrainaga Starlink aloqa tizimlarini taqdim etishini ma’lum qilib, bunga sabab sifatida Rossiya mamlakatdagi aloqa tizimlariga zarar yetkazganini keltirgandi. Starlink internet tizimi Ukrainadagi asosiy aloqa vositasiga aylandi. Undan ham harbiy, ham fuqarolik maqsadlarda foydalana boshlashdi. Masalan, urush boshida aloqa tizimlaridagi uzilish sabab Volodimir Zelenskiyning har kunlik videomurojaatlari aynan Starlink yordamida efirga uzatildi. Shuningdek, Ukrainadagi temiryo‘l tarmog‘i va tibbiyot tizimida ham Starlink'dan foydalanishmoqda.
O‘z navbatida, Starlink jang maydonida ham Ukraina harbiylarining muhim aloqa vositasiga aylandi. The Times'ning yozishicha, 2022 yil mart oyida ukrainalik harbiylar Rossiya pozitsiyalariga zarba berish uchun o‘z dronlarini Starlink internet tizimlariga ulaydi. CNN'ning yozishicha, Ukraina Starlink terminallaridan hujum maqsadida foydalana boshlagach, Mask o‘z qarori qanchalik to‘g‘ri bo‘lgani borasida ikkilana boshlagan.
«Starlink urushda foydalanish uchun emas, odamlar bemalol Netflix'ga ulanishi, kino ko‘rishi, ko‘nglini yozishi, maktablar internetga ulanishi, yaxshi ishlar qilinishi uchun berilgandi, dronlar yordamida hujum qilinishi uchun emas», degan Mask Ayzeksonning kitobi uchun bergan intervyusida.
2022 yil oktyabr oyida Mask Tvitterdagi sahifasida kutilmaganda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik bitimi rejasini e’lon qiladi. Unda aytilishicha, Rossiya bosib olgan yerlarda BMT kuzatuvi ostida referendum o‘tkazish, Qrimni esa Rossiya tarkibida qoldirish kerak. Maskning iddao qilishicha, Qrimni Ukrianaga berish «Xruchyovning xatosi bo‘lgan».
«Men hamon Ukrianani faol qo‘llab-quvvatlayman, ammo eskalatsiya kuchayishi Ukrainaga ham, butun dunyoga ham jiddiy zarar yetkazmoqda», deb yozgandi Mask eskalatsiya kuchayishi yadro urushini keltirib chiqarishi mumkinligini iddao qilib.
Milliarderning bu chiqishlari Ukraina hukumati vakillarida jiddiy e’tirozlar keltirib chiqardi. «Siz ommaviy qirg‘in va qiynoqlar vaqtida avtomat ostida o‘tgan psevdoreferendumlarni legallashtirishni istayapsizmi? Yomon yo‘l», dedi Maskning rejasiga javoban Mixaylo Podolyak. Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba esa Maskka o‘xshagan odamlar Ukrainaga o‘z yerlari va xalqidan voz kechishni taklif qilayotganini aytdi.
Aynan mana shu bayonotidan keyin Mask Pentagonni Ukrainaga ortiq tekinga Starlink terminallarini yetkazib bera olmasligi, mavjud terminallarga xizmat ko‘rsatilmasligidan xabardor qilgan. Ya’ni Ukrainaga ko‘rsatilayotgan aloqa xizmati uchun Pentagondan pul talab qilgan. CNN'ning yozishicha, bu amerikalik mulozimlarning g‘azabini keltiradi. Ular «boshida qahramondek ko‘rinib endi millionlab dollarlik hisob yuborayotgan» Maskning harakatidan hayratga tushadi.
Ammo ko‘p o‘tmay Mask Starlink xizmatini tekinga ko‘rsatishni davom ettirishini ma’lum qiladi. Keyinchalik oshkor bo‘lishicha, Mask AQSh mudofaa vazirligidagi yuqori martabali general bilan suhbatdan keyin bunga rozi bo‘lgan.
Putin bilan suhbat
Maskning Starlink ortiq bepul yetkazib berilmasligi haqida gaplari ayni urush avjiga chiqayotgan vaqtda aytilgandi va bayonotning o‘ziyoq frontdagi voqealarga ta’sir qiladi. New Yorker Mask haqida e’lon qilgan profaylida ismi aytilmagan ukrainalik askarning ular oldinga borayotganda Starlink kutilmaganda aloqani uzib qo‘ygani haqida gapini keltirgan.
Shuningdek, profaylda Maskning «Putin bilan ajoyib suhbat o‘tkazganini aytgani» haqida ham so‘z boradi. 2022 yil kuzida esa Mask Aspendagi konferensiyada chiqish qilib «Putin tinchlik xohlamoqda, biz tinchlik masalasida Putin bilan gaplashishimiz kerak», degan.
Maskning Putin bilan gaplashgani aslida yangilik emas, bu haqda uning o‘zi ham ochiq gapirgan. Amerikalik siyosatshunos Yan Bremmer milliarder bilan gaplashgani va undagi ba’zi tafsilotlar haqida aytib bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin Mask bilan suhbatda Qrim va yangi bosib olingan yerlar Rossiyaniki sifatida tan olinib, Ukraina neytral davlatga aylansagina tinchlik bo‘yicha muzokara o‘tkazishga tayyorligini aytgan.
Maskning o‘zi esa Putin bilan urush haqida gaplashganini rad etgan. «Putin bilan bir marta gaplashganman, 1,5 yil avval. Suhbat mavzusi kosmos bo‘lgan», degan Mask.
Starlink'ning Ukrainadagi kelajagi
CNN'ning yozishicha, Starlink tizimlari Ukrainada ishlashda davom etmoqda va uning urushga ta’siri kamayib qolgani yo‘q. Ammo kompaniya 2023 yil fevralda tizimdan urush maqsadlarida foydalanishni taqiqlagani bor gap. Space X bayonotida kompaniya mahsulotlari harbiylar tomonidan ishlatilishi mumkinligi, ammo hujum maqsadlarida foydalanilmasligi shartligi aytilgan.
Bunga javoban Mixaylo Podolyak «Space X kim tomonda ekanini aniqlashtirib olishi kerak: Ukriana yoki Rossiya», degandi.
2023 yil iyul oyida New York Times o‘z manbalariga tayanib, Space X jang maydonlarida Starlink faoliyatini cheklashni boshlagani haqida yozgandi. Nashrning yozishicha, Mask jang maydonlarida tizimni o‘chirish bo‘yicha bir necha marta shaxsan buyruq bergan. U bir marta Qrim atrofida Starlink'ni ishlatish bo‘yicha ukrain harbiylarining so‘rovini rad etgan.
2023 yil fevralda Forbes Pentagon Space X bilan Starlink terminallarini Ukrainaga yuborish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolagani haqida yozgandi.
Mavzuga oid
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024
Zelenskiy bir qator ukrainalik diplomatlarni ishdan oldi
15:13 / 21.12.2024