O‘zbekiston | 18:18 / 12.09.2023
6286
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda quruvchi 10 tup daraxtni qasddan quritgani aniqlandi

Yetkazilgan zarar miqdori 250 mln so‘mga yaqin.

Foto: Ekologiya boshqarmasi

Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Shahriobod ko‘chasidagi qurilish maydonida A.G. korxonasi 6 tup mevali va 4 tup manzarali daraxtning qurib qolishiga sharoit yaratgan. Bu haqda Toshkent shahri Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan 2023 yil fevral oyida qurilish maydonidagi 30 tup daraxt xatlovdan o‘tkazilgan. Korxona esa daraxt va butalarga shikast yetkazish, qurib qolishiga sharoit yaratish yoki qurib qolishi uchun kimyoviy moddalarni to‘kish hamda daraxtlarni noqonuniy kesilishi qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Shunga qaramay, qurilish ishlarini olib borish jarayonida qonun buzilishi holatiga yo‘l qo‘yilgan: 3 tup o‘rik, 2 tup gilos, 1 tup xurmo daraxti hamda 3 tup chinor, 1 tup shumtol daraxti o‘sishdan to‘xtaydigan darajada shikaslantirilgan. Ekologiya boshqarmasi yetkazilgan zarar miqdorini 248 mln 94 ming so‘mga baholagan.

Ish yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berilishi maqsadida prokuratura organlariga taqdim etilgani aytilmoqda.

Mavzuga oid