Jahon | 23:24 / 13.09.2023
13316
2 daqiqa o‘qiladi

Meksika parlamentida «o‘zga sayyoralik mumiyolar» namoyish etildi 

Ular Peruning Naska shahrida topilgani aytilmoqda. Shov-shuvli bayonot bergan tadqiqotchi avvalroq yolg‘onchilikda ayblangan edi. 

Foto: Cámara de Diputados

Meksikalik jurnalist, ufolog Xayme Maussan mamlakat parlamenti deputatlar palatasiga «o‘zga sayyoraliklarga tegishli bo‘lgan ikkita mumiyoni» taqdim etdi. Bu haqda Infobae gazetasi xabar berdi. 

Maussan so‘zlariga ko‘ra, mumiyolar Peruning Naska shahridan topilgan. Ular past bo‘yli, boshi katta, oyoq-qo‘llari uch barmoqli, suyaklari yengil va mustahkam va tishsiz jonzot jasadiga o‘xshash. Ufologning ta’kidlashicha, ularning barmoq izlari odamlarnikiga o‘xshab yumaloq emas, balki to‘g‘ri gorizontal chiziqlar shaklida. 

«Bu jonzotlar inson emas, ular Yer kurramiz vakillari emas. Meksika Milliy avtonom universiteti tomonidan o‘tkazilgan radiologiya tadqiqoti ularning yoshi ming yil ekanini ko‘rsatdi. Ulardagi DNK insonning genetik materialidan 30 foizga farq qiladi», dedi Maussan. 

Xayme Maussan Naska platosidan topilgan uch barmoqli o‘zga sayyoraliklar haqida birinchi marta gapirayotgani yo‘q. 2015 va 2017 yillarda uning bayonotlari yolg‘on ekani fosh bo‘lgan edi: ekspertlarning fikriga ko‘ra, topilmalar qadimiy diniy marosimlar tufayli bosh suyagi deformatsiyalangan bolalarning qoldiqlari bo‘lib chiqdi.

Mavzuga oid