Jahon | 08:29 / 15.09.2023
5268
4 daqiqa o‘qiladi

Baydenning o‘g‘li qurolga noqonuniy egalik qilishda ayblanmoqda

Har uchala ayblov bo‘yicha Xanter Bayden 25 yilgacha qamalishi va 750 ming dollar jarimaga tortilishi mumkin. 

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Bayden o‘qotar qurolni noqonuniy saqlashda ayblandi. Bu haqda Delaver shtati federal sudiga 14 sentabr, payshanba kuni taqdim etilgan ayblov xulosasida aytilgan.

Ikki holat kichik Baydenning 2018 yilda Colt Cobra 38 revolverini sotib olish uchun blankalarni to‘ldirishda giyohvand moddalar iste’mol qilmasligi haqida yolg‘on ma’lumot bergani bilan bog‘liq. Uchinchi bandda aytilishicha, o‘sha yilning oktyabr oyida u 11 kun davomida giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lgan hamda bu davrda qurolni saqlab kelgan. 

Umuman olganda, Xanter Bayden barcha ayblovlar bo‘yicha 25 yilgacha qamoq jazosi olishi, shuningdek, 750 ming dollar jarimaga tortilishi mumkin. Bu AQSh amaldagi prezidentining o‘g‘li yoki qizi birinchi marta jinoiy javobgarlikka tortilishidir. 

Xanter Baydenning advokati mijozi hech kimga tahdid solmaganini ma’lum qildi

Xanter Baydenning advokati Ebbi Louell ayblov xulosasini siyosiy sababga ega deb atadi. «Kutilganidek, prokurorlar ushbu ish bo‘yicha besh yillik tergovdan so‘ng olti hafta oldin asossiz deb hisoblagan ayblovlarni bugun qo‘zg‘atdi, - dedi Louell. - Bu ish bo‘yicha dalillar so‘nggi olti hafta ichida o‘zgarmadi, lekin qonun o‘zgartirilgan, shuningdek, MAGA respublikachilari (Make America Great Again, «Amerikani yana buyuk qilamiz» - AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning saylovoldi shiori) tomonidan jarayonga noqonuniy aralashuv». 

«11 kun davomida o‘qsiz qurolga ega bo‘lgan Xanter Bayden jamoat xavfsizligiga tahdid solmadi, ammo siyosiy bosimga berilib ketgan prokuror bizning adliya tizimimizga jiddiy tahdid solyapti», dedi advokat o‘z bayonotida.

Xanter Baydenning aybini tan olish bo‘yicha kelishuv muvaffaqiyatsiz tugadi 

Xanter Baydenga nisbatan tergov 2018 yildan beri davom etmoqda, o‘shanda u Colt Cobra 38 revolveriga noqonuniy egalik qilgani va bu faktni yashirib, giyohvand moddalarni iste’mol qilgani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, amaldagi prezidentning o‘g‘li 100 ming dollardan ortiq soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda gumonlangan. 

Kichik Bayden 2023 yilda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik va noqonuniy qurol saqlash aybini tan olishga rozi bo‘ldi. Sudgacha bo‘lgan kelishuv unga haqiqiy qamoq jazosidan qutulib qolishga yordam berishi kerak edi. Iyul oyida okrug sudi sudyasi Meriellen Noreyka uni imzolashdan bosh tortgani uchun kelishuv amalda buzilgani ma’lum bo‘ldi. Sud hujjatda «nostandart shartlar» mavjud deb hisobladi va tergov davom etayotgan epizodlar bo‘yicha Baydenga immunitet berishi mumkin. Bitim buzilganidan so‘ng, Bayden o‘z aybini tan olishdan voz kechdi. 

Ish bo‘yicha maxsus prokuror Devid Vaysning aytishicha, tomonlar yangi kelishuv bo‘yicha bir qarorga kela olmagan va endi Xanter Bayden taqdiri jinoiy sudda hal qilinadi. 

Mavzuga oid