O‘zbekiston | 17:38 / 15.11.2023
23732
7 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston va Rossiya: o‘zaro munosabatlar nega ziddiyatli?

Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston hokimiyatiga kelgandan beri uning Putin bilan munosabatlarini tushunish ancha qiyin. Bir qarasangiz, strategik sheriklik va o‘sib borayotgan iqtisodiy hamkorlik haqida gapiriladi, bir qarasangiz, Putin bilan To‘qayev aytishayotganini, ular o‘rtasida kuchli ziddiyatlar borligini kuzatish mumkin.

Qozog‘iston – O‘zbekistonning eng birinchi qo‘shnisi. Birinchi deyilishiga sabab – aynan Qozog‘iston bilan O‘zbekistonning eng uchun chegarasi to‘g‘ri keladi. Rossiya Federatsiyasi esa, O‘zbekiston mustaqilligini qo‘lgan kiritgandan buyon, yoki birinchi, yoki ikkinchi savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi.

Umuman, O‘zbekistonning Rossiya bilan bog‘liqligi, keyingi bir yarim asrda, misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. 1991 yilga qadar, biz – Rossiya davlatchiligining to‘liq tarkibida bo‘ldik. Xo‘sh, O‘zbekistonning bu eng muhim ikki qo‘shnisi bo‘lmish Rossiya bilan Qozog‘istonning bugungi o‘zaro munosabatlari zamirida nima turadi: do‘stlikmi yoki dushmanona kayfiyat?

Bugun Rossiya geosiyosatidagi eng muhim tushunchalar, bular “anti-Rossiya”, neytral va “pro-Rossiya”. Anti-Rossiya, ya’ni aksil-Rossiya – rus propagandasi ta’rifiga ko‘ra, Rossiyaning strategik manfaatlariga qarshi bo‘lgan, Rossiyani davlat sifatida yiqilishi yoki strategik zaiflashuvidan manfaatdor bo‘lgan davlatlardir. Pro-Rossiya esa, Rossiya uchun do‘st ko‘riladigan davlatlar bo‘lib, ular Rossiya davlati va joriy siyosiy tizimning yashovchanligidan manfaatdor hisoblanadi. 2021 yildan boshlab, Rossiya davlat organlari “Rossiyaga do‘st va dushman bo‘lgan davlatlar ro‘yxati”ni e’lon qilib borishmoqda.

Demak, joriy 2023 yilning fevral oyida tuzilgan ro‘yxatga ko‘ra, post-sovet hududidagi eng yirik anti-Rossiya sifatida Ukraina, Latviya, Litva, Estoniya sanab o‘tiladi.

Rossiyaga do‘st davlatlar ro‘yxatining eng peshqadami, albatta Belorus. So‘ng Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston egallagan. Ro‘yxat shu yilning boshida tuzilgani sabab, Armaniston “Rossiya do‘stlari” ro‘yxatida beshinchi o‘rinda turibdi. Lekin keyingi oylardagi rus propagandasini kuzatsak, Armaniston “dushmanona qadamlar tashlayotgan davlat” sifatida ta’riflanadi. Gruziya va Moldova esa “neytral” davlatlar sifatida sanab o‘tiladi.

Garchi Qozog‘iston Rossiya OAV tomonidan “neytral, do‘st” davlat sifatida e’tirof etilsa-da, lekin Moskva va Ostona munosabatlarida juda ko‘p sovuq nuqtalar bor.

9 noyabr kuni Toshkentda Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti sammiti bo‘layotganda, bu tashkilotga a’zo davlatlarning deyarli barcha rahbarlari keldi, faqat To‘qayev kelmadi. Uning o‘rniga Qozog‘istondan bosh vazir keldi. Sababi To‘qayev Ostonada Putin bilan uchrashdi. Uchrashuvda, birinchi marta, To‘qayev o‘z nutqini qozoq tilida boshladi, bu Rossiya delegatsiyasi uchun kutilmagan voqea bo‘ldi.

Yoki 13 noyabr kuni RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Markaziy Osiyodan chiqib ketmaymiz, bu mintaqani g‘arbga berib qo‘ymaymiz” degan ma’noda bayonotlar berdi. Haqiqatda, keyingi oylarda Toshkent va Ostona, qolaversa, qolgan mintaqa poytaxtlari tashqi dunyo liderlarining ziyorat maydoniga aylanib bormoqda. Rossiya propagandasi, jumladan, Qozog‘istonni “anglo-saksonlar manfaatini mintaqadagi tamsilchisi” degan qarashni ko‘p gapiradi.

Qozog‘istonning Rossiyaga tub munosabati qanday?

Qozog‘iston – Rossiya boshchiligidagi KXShT va Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi kabi tashkilotlarning a’zosi. Qozog‘istonda Rossiyaga to‘yinish darajasi juda kuchli. Shuning uchun ham, To‘qayev Qozog‘istonning mustaqilligini bildirib turish va Rossiya tomonidan to‘liq yutilib ketmaslik uchun, vaqti-vaqti bilan Putinga “yo‘q” deb turishni odat qilmoqda. Lekin, “To‘qayevning Putinga gap qaytarib, qaysarlik qilib turishi, Rossiyaning Qozog‘istonga tajovuziga sabab bo‘ladimi?” degan savol paydo bo‘ladi.

Birinchidan, Qozog‘iston NATOga a’zo bo‘lish yo‘lidan bormayapti, ya’ni Putin ko‘z o‘ngida “anti-Rossiya” bo‘lish niyatida emas. Faqat Rossiya tomonidan yutilishga qarshi, masofa saqlayapti.

Ikkinchidan, Ukraina urushidan so‘ng, Rossiyaga qarshi misli ko‘rilmagan sanksiyalar joriy qilindi. Sanksiyaga tushgan tovarlar esa, eng avvalo Qozog‘iston orqali Rossiyaga bormoqda. Bu omil ham Rossiyani Qozog‘istonga tajovuz qilishdan qaytaruvchi holat hisoblanadi.

Uchinchidan, Qozog‘iston – MO va turkiy hamjamiyatning a’zosi. Turkiya – Rossiyaning muhim geosiyosiy hamkori, ularni kollektiv g‘arbdan mustaqil bo‘lish g‘oyasi birlashtiradi. Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya, Xitoy Xalq Respublikasi esa Qozog‘istonning hududiy yaxlitligi borasida mutlaq jiddiy pozitsiyada.

To‘rtinchidan, Ukraina urushi hali tugagani yo‘q. Bu urush tugaganida ham, Rossiyaning salohiyati ancha majruhlangan bo‘ladi. Putin xayolidagi “possovet hududidagi Rossiya geosiyosiy qutbi”ni shakllantirish uchun Moskvada Qozog‘istonga tajovuz qilish imkoniyatlari juda cheklanib boryapti

Ayni paytda, Ostona tushunadiki, Rossiya – ta’bir qilib bo‘lmaydigan davlat. Shuning uchun ham, Qozog‘iston, bir tomondan o‘zini Rossiyaga dushman ko‘rsatmaslik, va ayni paytda, Rossiyadan ma’lum masofa saqlash va o‘z xavfsizligini kuchaytirish niyatida.

Nafaqat Qozog‘iston, balki butun Markaziy Osiyo davlatlari, bugun, na anti-Rossiya, na pro-Rossiya bo‘lishni istashmaydi. Anti-Rossiya bo‘lish – Rossiyaning tajovuziga nishon bo‘lishni anglatadi. Pro-Rossiya bo‘lishning sharti esa, Moskvaning “viloyati”ga aylanib qolishga rozi bo‘lish demakdir.

Shuning uchun ham, To‘qayev Putin bilan, bir tomondan aytishib turadi, boshqa tomondan, kutilmaganda Rossiya tomonga xushomad qilib, vaziyatni yumshatib turishga majbur. Putin ketguncha. Keyin, yangi vaziyat shakllanadi...

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzuga oid