Jahon | 11:29 / 21.12.2023
3544
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha hukumati yetakchi OAV rahbariyatini ishdan bo‘shatdi

Polsha yangi hukumati sobiq hukmron partiya tashviqotini tarqatishda ayblangan ommaviy axborot vositalarining «qonuniyligi va xolisligi»ni tiklash niyatida.

Foto: Artur Widak/NurPhoto/picture alliance

Polshaning yevropaparast yangi hukumati ommaviy axborot vositalari rahbariyatini ishdan bo‘shatdi. Qaror TVP telekompaniyasi, Polsha radiosi va PAP axborot agentligi boshqaruv va kuzatuv kengashlariga taalluqlidir, deb xabar qildi Madaniyat va milliy meros vazirligi 20 dekabr, chorshanba kuni. Yangi boshqaruv a’zolarini saylaydigan kuzatuv kengashlari ham tayinlangan. Ko‘p o‘tmay, erta tongdan faqat bayram haqidagi syujyetlarni uzluksiz ko‘rsatib kelayotgan TVP Info yangiliklar kanali o‘chirildi.

Ommaviy teleradiodasturlar mazmunini qayta tashkil etish va yo‘nalishini o‘zgartirish Donald Tusk hukumatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, deya aniqlik kiritdi dpa agentligi. Polshadagi yangi hokimiyat OAVni «Qonun va adolat» partiyasi tomonidan tuzilgan milliy konservativ hukumatning partiyaviy tashviqotini tarqatishda ayblamoqda. 

Kecha oqshom Polsha Seymi (mamlakat parlamenti) ommaviy axborot vositalarining «qonuniyligi va xolisligini tiklash» to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Unda aytilishicha, ular ishonchli va xolis axborot berish mandatini yo‘qotib, partiyaviy ommaviy axborot vositalariga aylangan. Teleradiokompaniyalar faoliyatiga mulkni boshqarish orqali jalb qilingan Madaniyat vazirligi va Davlat aktivlari vazirligi endi vaziyatni tuzatish choralarini ko‘rishi kerak bo‘ladi. 

Yevropa Polsha OAVni tanqid qilgan 

Xalqaro tashkilotlar Polsha davlat matbuotida saylov kampaniyasining bir yoqlama yoritilishini tanqid qildi. Yevropa komissiyasi tomonidan moliyalashtiriladigan Matbuot va ommaviy axborot vositalari erkinligi bo‘yicha Yevropa markazi (ECPMF) hisobotida ta’kidlanishicha, Polsha rasmiy ommaviy axborot vositalari «butunlay hukmron «Qonun va adolat» partiyasi targ‘ibot bo‘limiga aylangan» va uning tanqidchilarini qoralashda qatnashgan. YeXHT saylovlarni kuzatish missiyasi TVP’ni «o‘z reportajlarida «Qonun va adolat»ni aniq afzal ko‘rgani va shu bilan birga, muxolifatga nisbatan ochiq dushmanligi» uchun tanqid qildi. 

15 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlardan so‘ng hukumatdagi ko‘pchilik Polsha sobiq bosh vaziri va Yevropa kengashi sobiq raisi Donald Tusk boshchiligidagi sobiq muxolifat kuchlarining uch partiyali ittifoqini tuzdi. Mamlakatni 2015 yildan beri boshqarib kelgan «Qonun va adolat» hokimiyatni yo‘qotdi.

Mavzuga oid