Jahon | 12:00 / 24.01.2024
2846
2 daqiqa o‘qiladi

Orban Shvetsiya bosh vazirini NATOga arizani «muhokama etishga» taklif qildi

Shvetsiya tashqi ishlar vazirligi Orbanning taklifiga javoban, Vengriya allaqachon mamlakatni NATOga rasman taklif qilgani va muzokaralar olib borish uchun hech qanday sabab yo‘qligini bildirdi.

Foto: Picture Alliance

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban shved hamkasbi Ulf Kristerssonni Budapeshtga Shvetsiyaning NATOga kirish istagini muhokama etish uchun taklif qildi. Bu haqda 23 yanvar, seshanba kuni Orbanning o‘zi xabar berdi.

«Bugun men Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristerssonga Shvetsiyaning NATOga kirishi bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Vengriyaga tashrif buyurishga taklifnoma yubordim», — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Tobias Bilstryom taklifni izohlar ekan, Shvetsiyaning Vengriya bilan NATOga qo‘shilish bo‘yicha muzokara olib borishiga asos yo‘qligini aytdi, deb yozadi AFP. 2022 yil yozida Madridda bo‘lib o‘tgan ittifoq sammitida Vengriya Shvetsiyaga hech qanday shartlarsiz NATOga a’zo bo‘lish taklifini rasman topshirdi, deb eslatdi Bilstryom. «Shuning uchun men bugun muzokaralar olib borish uchun hech qanday sabab ko‘rmayapman», dedi u. 

Shvetsiyaning arizasi haligacha Vengriya va Turkiya tomonidan ma’qullanmagan 

Vengriya va Turkiya Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasini hali ma’qullamagan yagona davlatlar bo‘lib qolmoqda. Budapesht Stokholmni Vengriyaga «tuhmat qilish» siyosatida va mamlakatning qonun ustuvorligidan og‘ishini muntazam izohlashda ayblaydi, deb yozadi AFP. Vengriya «ijobiy yechimga tayyorgarlik ko‘rishdan oldin Shvetsiyadan hurmat talab qilish huquqiga ega», degan Orban o‘tgan yili, deb eslatdi AFP. 

Shu bilan birga, Turkiya parlamenti bosh assambleyasi 23 yanvar, seshanba kuni Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi haqidagi protokol bo‘yicha munozarani boshladi va shu kunning o‘zidayoq bu masala bo‘yicha ijobiy ovoz berdi.

Mavzuga oid