Jahon | 14:14 / 18.03.2024
4494
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Misr bilan strategik hamkorlik dasturini ishga tushirdi

Yangi dastur doirasida Yevropa Ittifoqi Misrga yaqin to‘rt yil ichida qariyb 7,4 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam berishga tayyorlanmoqda.

Foto: Egyptian Presidency/AFP

Misr Yevropa Ittifoqidan 2027 yil oxirigacha 7,4 milliard yevro miqdorida kredit va subsidiyalar shaklida moliyaviy yordam olishi mumkin. Bu Yevropa Ittifoqi va Shimoliy Afrika mamlakati o‘rtasidagi yangi strategik hamkorlik dasturida ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning boshlanishi haqida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen 17 mart, yakshanba kuni e’lon qilgan.

Shu kuni fon der Lyayyen va Yevropa Ittifoqining boshqa yuqori martabali rasmiylari Qohirada Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan uchrashdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 7,4 milliard yevrodan 5 milliard yevro kreditlar uchun mo‘ljallangan. Yana 1,8 milliard yevro oziq-ovqat xavfsizligi va raqamlashtirish kabi sohalarga investitsiyalar uchun sarflanishi kutilmoqda. 600 million yevro subsidiyalar ko‘rinishida bo‘lishi kerak, bu mablag‘ning 200 million yevrosi migratsiyani boshqarish uchun mo‘ljallangan. 

Iqtisodiy barqarorlik, savdo, migratsiya va malaka

YeK rahbari X ijtimoiy tarmog‘ida tushuntirganidek, Yevropa Ittifoqi va Misr o‘rtasidagi strategik sheriklik kelishuvi doirasidagi qo‘shma ishning asosiy yo‘nalishlari siyosiy munosabatlar, iqtisodiy barqarorlikka erishish, sarmoya va savdo, migratsiya, xavfsizlik, shuningdek, «odamlar va kasbiy mahorat» bo‘ladi. 

Avvalroq, 13 mart kuni Financial Times gazetasi iqtisodiyotni mustahkamlash uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan Misrga 7,4 milliard yevro ajratishni nazarda tutuvchi kelishuv tayyorlanayotgani haqida yozgan edi. Maqolada ta’kidlanganidek, G‘azo sektori va Sudandagi mojarolar Shimoliy Afrikaning ushbu davlatida moliyaviy muammolarni yanada yomonlashtirishi va Yevropaga migratsiya bosimini kuchaytirishi mumkinligidan xavotirlar fonida bunday chora ko‘riladi. 

Mavzuga oid