O‘zbekiston | 13:55 / 22.03.2024
7171
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya energetika kompaniyalari o‘z havo mudofaa tizimlarini yaratmoqda

«Vajnyye istorii» ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida Rossiya energetika kompaniyalari uchuvchisiz uchish qurilmalarini sotib olish bo‘yicha kamida 1 milliard rubllik deyarli 300 ta tender o‘tkazgan.

Foto: Picture Alliance

«Vajnyye istorii» ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya energetika kompaniyalari hujumkor uchuvchisiz uchoqlarga qarshi o‘zining himoya vositalarini qurmoqda va havo hujumidan mudofaa tizimlarini xarid qilmoqda. O‘tgan yil davomida (2023 yil bahoridan 2024 yil bahorigacha) «Rosneft», «Lukoyl», «Bashneft», «Slavneft», «Transneft» va boshqa yonilg‘i-energetika kompaniyalari uchuvchisiz uchish qurilmalarini sotib olish bo‘yicha umumiy qiymati kamida 1 milliard rubllik 300 ga yaqin tender o‘tkazdi, deb yozadi nashr 21 mart, payshanba kuni

Himoya tarmoqlari, dronga qarshi qurollar, statsionar va ko‘chma tizimlar

Xususan, «Rosneft» o‘zini uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi ko‘chma tizimlar, dronga qarshi qurollar, dronlarni elektron aniqlash va bostirish uchun statsionar tizimlar yordamida himoyalamoqchi, shuningdek, UUAni ushlab turishi kerak bo‘lgan ustunlar orasiga cho‘zilgan to‘rlarni o‘rnatmoqchi. «Rosset» kompaniyasi shunga o‘xshash to‘r va beton bloklarni o‘rnatyapti, shuningdek, nimstansiyalarini dronlarni aniqlash va ularga qarshi kurashish uchun radioelektron tizimlar bilan jihozlayapti.

Shu bilan birga, jurnalistlarning ta’kidlashicha, ko‘plab savdolar yopiq platformalarda o‘tkazilyapti va ularning natijalari noma’lum, shuning uchun bunday xaridlarning haqiqiy ko‘rsatkichlari yuqoriroq bo‘lishi mumkin. 

Harbiy ekspert Kirill Mixaylov so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar tomonidan sotib olingan himoya tarmoqlari Rossiyadagi nishonlarga hujum qiluvchi Ukrainaning «Lyutyy» uchoqlari yuqori portlovchi qismlaridan himoya qilishga qodir emas. Dronga qarshi qurollar ham avtonom rejimda ishlaydigan dronlarni bostirish uchun foydasiz, dedi u «Vajnyye istorii»ga. 

Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar hujumi

So‘nggi haftalarda Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar kuchaydi. Xususan, 12 mart kuni Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri – Nijyegorod zavodida yong‘in sodir bo‘ldi, 13 mart kuni esa UUA Ryazan neftni qayta ishlash zavodi, Rostov-Don yaqinidagi Novoshaxtinskiy neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi. 16 mart kuni dronlar Samara viloyatidagi ikkita neftni qayta ishlash zavodiga hujum amalga oshirdi, hujumlardan so‘ng ikkala korxonada ham yong‘inlar boshlandi. 17 martga o‘tar kechasi Slavyansk-Kuban shahridagi Slavyansk neftni qayta ishlash zavodiga dronlar hujum qilishga urindi va ulardan birining qulashi natijasida yong‘in sodir bo‘ldi.

Ikki yildan ortiq vaqtdan beri Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushni davom ettirayotgan Rossiyada ushbu hujumlar fonida benzin narxi sezilarli darajada oshdi, UUA hujumlari tufayli neftni qayta ishlash hajmi kamaydi. 

Mavzuga oid