Jahon | 13:31 / 23.05.2024
4625
2 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya aksariyat rossiyalik sayyohlar uchun mamlakatga kirishni yopdi

Norvegiyaga faqat qarindoshlarinikiga borish, o‘qish yoki ishlash uchun ketayotgan rossiyaliklar kiritiladi.

Foto: Lev Fedoseyev/TASS/dpa/picture alliance

Oslodagi hukumat 23 may, payshanba kuni o‘z veb-saytida Norvegiya 29 maydan boshlab mamlakatga sayyohlik va «boshqa muhim bo‘lmagan maqsadlarda» kelgan barcha Rossiya fuqarolariga kirishni taqiqlashi to‘g‘risida xabar berdi. Aytilishicha, bu chora Norvegiya turistik vizasini olishga muvaffaq bo‘lgan rossiyaliklarga ham (ular 2022 yilda berilishi to‘xtatilgan), boshqa Shengen davlati tomonidan berilgan vizaga ega bo‘lganlarga ham tegishli.

Hukumat Norvegiyada yashovchi ota-onalari, turmush o‘rtoqlari yoki farzandlarini ko‘rish uchun boradigan Rossiya fuqarolari, shuningdek, Norvegiya yoki boshqa Shengen mamlakatlariga ishlash yoki o‘qish uchun boradigan rossiyaliklar uchun istisnolar qilinishi mumkinligini ta’kidladi.

Yangi cheklovlar

«Kirish imkoniyatlarini cheklash to‘g‘risidagi qaror Norvegiyaning ittifoqdoshlarimiz va hamkorlarimiz bilan Rossiyaga birgalikda javob berish zarurligi haqidagi pozitsiyasiga mos keladi», deb tushuntirdi Norvegiya adliya va jamoat xavfsizligi vaziri Emili Enger Mel.

Norvegiya rasmiylarining qo‘shimcha qilishicha, ular Murmansk viloyati bilan chegaradagi «Sturskug» chegara postidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib, «kerak bo‘lsa, chora ko‘rishga tayyor».

2022 yil bir qator Yevropa davlatlari rossiyaliklarga turistik vizalar berish qoidalarini qat’iylashtirdi, ayrim hollarda hatto ularni berishdan bosh tortdi. Yevropa Ittifoqining bir qancha davlatlari – Finlandiya, Estoniya, Latviya, Litva, Polsha va Chexiya ham rossiyaliklarga turistik maqsadlarda Yevropa Ittifoqining tashqi chegarasi orqali kirishni taqiqlagan. 

Mavzuga oid