Yaqin Sharq katta urush ostonasidami?
Isroil Livan hududiga yirik aviazarbalar seriyasi ortidan “Hizbulloh”ga qarshi quruqlik amaliyotini o‘tkazishini e’lon qildi. Dunyo mintaqada katta urush boshlanishidan xavotirda. Siyosatshunos Bektosh Berdiyev Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida Yaqin Sharqdagi eskalatsiya haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Isroil Livan hududiga 1978, 1982 va 2006 yillarda bostirib kirgan. “Hizbulloh” guruhi esa 1982 yildagi bosqin vaqtida, isroilliklarga qarshi turish uchun tashkil etilgan. Shunga ko‘ra, ehtimoliy katta urush boshlangan taqdirda, bu uchinchi Isroil–“Hizbulloh” urushi bo‘ladi.
“Isroil hozirgi urushda Livanning janubidan mamlakat ichkarisiga qochib ketgan hizbullohchilarni tutish yoki ularni jismoniy yo‘q qilish uchun Bayrut atrofigacha borishi mumkin, lekin butunlay avvalgidek Bayrutni bosib olish va hokazolarni amalga oshirishi qiyin, chunki bugun xalqaro hamjamiyatning, ayniqsa ittifoqchisi AQShning bosimi bunga yo‘l qo‘ymasa kerak”, – deydi Bektosh Berdiyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Hizbulloh” tarkibiga Suriya, Iroq, Eron va boshqa arab davlatlaridan, umuman shia dunyosidan askarlarning kirib kelishi doimiy davom etadi. Rasmiy jihatdan bu davlatlar urushga aralashmaydi.
BMT Bosh Assambleyasida qatnashish uchun AQShga borgan Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon o‘z intervyusida Eron urushni istamasligini ta’kidladi. Cheklangan darajada bo‘lsa ham javob choralari bo‘lishi haqida so‘z yuritmadi. Berdiyevga ko‘ra, Eron xalqaro izolyatsiyadan chiqib olish uchun ham bu jarayonga aralashmaslikni afzal bilmoqda. Shu bilan birga, yashirin ravishda “Hizbulloh”ni qo‘llashda davom etadi. “Hizbulloh” Eronning qo‘llovisiz hozirgi mablag‘, qurol-yarog‘, raketalarga ega bo‘la olmasdi. Bularning barchasi qarshilik o‘qi – Eron yetakchiligidagi shia dunyosi tomonidan yetkazib beriladi.
“Yetkazib berilayotgan birorta raketada Eronning belgilari uchramaydi. Ularning hammasi “Hizbulloh” va boshqa shia guruhlari uchun alohida ishlab chiqariladi va yashirin tarzda yetkazib beriladi”, – deydi u.
Tahlilchiga ko‘ra, hozirda Livan janubidan Isroilga uchirilayotgan raketalarning 95 foizini “Moviy gumbaz” havo hujumidan mudofaa tizimi urib tushiryapti. Isroil qo‘llayotgan raketalar va aqlli bombalar esa yuqori aniqlikda nishonlarni uryapti. “Hizbulloh”ning arsenalidagi raketalarni asosan “yer-yer” tipidagi raketalar tashkil etadi, shu sababli Isroilning F-16, F-35 samolyotlari Livan hududiga qarshiliksiz kirib, bombalashni amalga oshira olyapti.
“Hizbulloh”da tanklar va gaubitsalar ham yo‘q. Isroilda esa urushda qo‘llanadigan 30 dan ortiq turdagi eng zamonaviy texnika va texnologiyalar bor. “Hizbulloh” ruhan baquvvat tashkilot, lekin texnologik jihatdan emas, deydi Bektosh Berdiyev.
Xalqaro hamjamiyatda deyarli hech kim Isroilning Livandagi harakatlarini ma’qullayotgani yo‘q. Shu jumladan AQSh ham Isroilning bu harakatini qo‘llab-quvvatlamoqchi emasligini aytmoqda. Vashington bu harakatlar AQSh va Isroilning Yaqin Sharqdagi mavjudligini ma’lum ma’noda tahdid tug‘dirishini tushunib turibdi, deydi siyosiy tahlilchi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
00:02
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
20:10 / 21.12.2024
Putinning Kiyevda duel taklifi va G‘arb bilan muzokaraga kirishgan Jo‘laniy - geosiyosiy hafta tahlili
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
18:08 / 19.12.2024