O‘zbekiston | 15:24 / 26.11.2024
10580
4 daqiqa o‘qiladi

“Zamon o‘zgarganiga guvoh bo‘ldim” - Oliy sud raisi qabulidan keyingi taassurotlar

Taqdir taqozosi bilan sudlarga ishim tushdi. Adolatsiz qarorlar Oliy sud raisigacha yetakladi. “Bu imkonsiz!” deb o‘ylaganim juda tez amalga oshdi. Ortiqcha byurokratiyasiz qabulga kira olganimdan ko‘ra, u yerda bo‘lgan qisqa suhbat meni ko‘proq hayratga soldi.

Foto: Kun.uz

Doim qonunlarga itoat etib yashashga odatlangan bo‘lsam-da, taqdir taqozosi bilan sudlarga ishim tushdi.

Quyi instansiya sudlari ularga chizib berilgan ssenariy bo‘yicha ishni ko‘rib, mening mulk huquqimni oyoqosti qilishdi. Ishni ko‘rib chiqqan sudyalarning shunchaki qo‘g‘irchoq vazifasini o‘tab berganlari esa alohida katta mavzu.

Xullas, quyi instansiya sudlari qarorlaridan norozi bo‘lib, shikoyatlar yo‘llashda davom etdim.

Shikoyatlarim meni Oliy sud raisi qabuliga yetakladi.

Hikoyamning shu yerida ikki og‘iz tarixga qaytishni lozim deb bildim. 2008–2013 yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlardan birida, aynan fuqarolar qabuliga mas’ul lavozimda ishlaganman. U vaqtlar respublika idorasi rahbari tugul, tuman yoki viloyat darajasidagi mas’ullar odamlarni qabul qilmasdi. Murojaat bilan kelgan fuqarolar qo‘lida arizasi bilan haftalab ostonada sarg‘ayishga mahkum edi. Aniq eslayman, Bosh prokuror yo Oliy sud raisi fuqarolarni qabul qilmasdi.

Xullas, Oliy sud raisiga kirishim ko‘p cho‘zilgani yo‘q. Rais o‘rinbosarining javob xatini oldim, qoniqmadim, rais qabuliga yozildim va arizani qoldirdim. Oradan 4 kun o‘tib, qo‘ng‘iroq bo‘ldi: “Sizni Oliy suddan bezovta qilyapmiz, rais qabuliga yozilgan ekansiz, dushanba kuni soat 10:00 da qabul, kechikmay yetib keling”.

Eski davrni ko‘rgan, yangi davrda hali arizabozlikka ishi tushmagan men uchun bu kutilmagan xabar edi.

Aytilgan vaqtga advokatim bilan qabulga yetib bordik. Qabul boshlandi. 10 nafar fuqaro qabulga yozilgan, men ro‘yxat bo‘yicha to‘qqizinchi.

Har bir qabul o‘rtacha 10-15 daqiqa davom etar, ichkaridan chiqayotgan fuqaroning yuzida mamnunlik...

Mening ham galim keldi va ichkariga kirdik.

Shinam jixozlangan xona, to‘rida – Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov, chap tarafda – qabul uchun mas’ul kotib.

Dastlab murojaatim bo‘yicha kotibning axboroti tinglandi.

Axborot puxta tayyorlangan: sud qarorlari natijalari, biz nimalardan norozi ekanimiz, hammasi aniq, tiniq va ravshan.

Shu yerda Oliy sud raisiga hurmatim oshgan hodisa yuz berdi: axborotni tinglagan Baxtiyor Islomov mening haq-huquqlarimni buzib kelayotgan, ammo quyi sudlar e’tiborga ilmayotgan eng muhim nuqtaga to‘xtaldi. Tushundimki, rais qabuli shunchaki tashkil qilinayotgani yo‘q, u odamlarni tinglayapti.

Kotibdan so‘ng advokatim gapirdi. Baxtiyor Islomov advokatimga ham ish uchun muhim savollarni berdi. Nihoyat bizni tinglashdi...

Qabul yakunida kotibga murojaatimiz bo‘yicha barcha sud ishlarini bir yerga chaqirib, qaytadan o‘rganib chiqish topshirig‘i berildi.

Qabuldan mamnun holda chiqdik. Chiqarkanman, o‘y-xayolimda “natija qanday bo‘larkin” degan savoldan ko‘ra “zamon ancha o‘zgaribdi” degan fikr ustunroq fikr edi.

Murojaatchi fuqaro
(Toshkent viloyati, Qibray tumani)

Mavzuga oid