Jahon | 08:02 / 05.12.2024
3050
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya parlamenti mamlakat hukumatiga ishonchsizlik bildirdi

Fransiya Milliy majlisi ijtimoiy sug‘urta tizimini isloh qilish bo‘yicha ziddiyat tufayli muxolifat tomonidan kiritilgan Mishel Barne kabinetiga ishonchsizlik votumini qo‘llab-quvvatladi.

Foto: REUTERS / Philippe Wojazer

Fransiya Milliy majlisi Mishel Barne boshchiligidagi vazirlar mahkamasiga ishonchsizlik bildirdi. 4 dekabr, chorshanba kuni 574 deputatdan 331 nafari bu qaror uchun ovoz berdi. Bu uch oydan kamroq vaqt davomida hokimiyatda bo‘lgan ozchilik hukumatini iste’foga chiqishga majbur qiladi. Bu deputatlar 1962 yildan beri birinchi marta hukumatni iste’foga chiqargan birinchi holat. O‘shanda Milliy majlis Jorj Pompidu kabinetiga ishonchsizlik uchun ovoz bergandi.

Fransiyada ijtimoiy sug‘urta tizimi budjeti bilan bog‘liq kelishmovchiliklar

RFI mediakompaniyasi tushuntirganidek, ijtimoiy (va tibbiy) sug‘urta tizimining budjeti to‘g‘risidagi qonun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan birgalikda mamlakat moliya siyosatining asosini tashkil qiladi. «Hukumat tomonidan rejalashtirilgan jami 60 (!) milliard yevro miqdoridagi tejash chora-tadbirlari tufayli ikkala budjet loyihasi ham shiddatli bahslar markazida edi», deyiladi nashrda.

«Milliy birlashuv» rahbari Marin Le Pen 2 dekabr kuni ertalab Mishel Barne bilan telefon orqali suhbatda uni rejalaridan voz kechishga chaqirdi, deya xabar beradi Fransiya bosh vazirining idorasi. Avvalroq, Le Pen partiyasi bosimi ostida hukumat rahbari allaqachon elektr energiyasi tariflarini oshirishdan bosh tortgan, shuningdek, qochqinlar uchun bepul tibbiy xizmatlar ro‘yxatini qisqartirishga rozi bo‘lgan edi, deb eslaydi Reuters.

Shu bilan birga, Barne Le Penning yanvar oyidan boshlab inflatsiya uchun pensiyalarni indeksatsiya qilishdan voz kechmaslik haqidagi chaqirig‘ini rad etdi. Bunga javoban o‘ta o‘ng siyosatchi: «Fransuzlarning sabr kosasi to‘ldi!», dedi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Barne bosh vazir sifatida vaziyatni yaxshilashiga umid qilgan, biroq aslida vaziyat yanada yomonlashgan.

Mavzuga oid