Jahon | 08:43 / 05.12.2024
4706
3 daqiqa o‘qiladi

Gurjistonda muxolifat yetakchilari qo‘lga olinmoqda

Tbilisida «O‘zgarish uchun koalitsiya» yetakchisi Nika Gvaramiya, shuningdek, «Kuchli Gurjiston» muxolifat koalitsiyasi yetakchilaridan biri Aleksandr Elisashvili qo‘lga olinib, kaltaklangan. Bir qator muxolif partiyalarning ofislari tintuv qilindi.

4 dekabr, chorshanba kuni kechqurun Tbilisidagi mitingda «Kuchli Gurjiston» muxolifat koalitsiyasi yetakchilaridan biri Aleksandr Elisashvili, shuningdek, «Axali» muxolifat partiyasi a’zosi Zurab Datunashvili qo‘lga olindi. OAV xabariga ko‘ra, muxolifatchilar norozilik mitingi o‘tayotgan parlament binosidan uncha uzoq bo‘lmagan mehmonxonadan chiqishda qo‘lga olingan.

Bir necha soat oldin xavfsizlik kuchlari muxolifatdagi «O‘zgarish uchun koalitsiya» rahbari Nika Gvaramiyani mayda bezorilik va politsiya talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy ish bo‘yicha qo‘lga oldi. U vaqtinchalik hibsxonada, kaltaklangan, dedi siyosatchining advokati Dito Sadzaglishvili. «Uning qorniga urilgan va zarbalardan biri tufayli havo yetishmasligi sababli u bir necha soniya davomida hushidan ketgan», — deya Tbilisidagi SOVA nashri advokatning so‘zlaridan iqtibos keltirgan. Uning mijozi ustidan sud jarayoni 48 soat ichida bo‘lib o‘tishi kerak. «U yoki bu rahbarning ushlanishi gurji xalqining Rossiya rejimiga qarshi noroziligiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi kerak», — deya advokat Gvaramiyaning so‘zlarini keltirgan.

4 dekabr kuni tushdan keyin Tbilisida bir qator muxolifat partiyalari, jumladan, sobiq prezident Mixail Saakashvilining «Yagona milliy harakat» (YaMH) partiyasi ofislari «zo‘ravonliklarni tashkillashtirish» bo‘yicha jinoiy ish doirasida tintuv qilindi. IIV Markaziy kriminal politsiya departament boshlig‘i Teymuraz Kupatadze yetti kishi ushlanganini bildirdi.

Gurjistonda politsiya parlament binosi yaqinida namoyishchilarni tarqatdi

Gurjistonda mamlakatning Yevropa integratsiyasi kursiga qaytishini talab qilgan ommaviy namoyishlar ketma-ket oltinchi kun davom etdi. DW'ning Tbilisidagi muxbiri xabar berishicha, 3 dekabr kuni kechga yaqin maxsus kuchlar parlament binosi yaqinida namoyishchilarni tarqatib yuborishga kirishgan. Ovoz kuchaytirgichlardan tarqalib ketish va xavfsizlik kuchlari ishiga aralashmaslik chaqiriqlari eshitildi.

Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi va namoyishchilarni qo‘lga oldi, namoyishchilar barrikadalar o‘rnatib, alangalar yoqdi. Ayrim namoyishchilar pirotexnika vositalaridan foydalangan. «Mediazona» internet nashrining Mtavari Arkhi telekanaliga tayanib yozishicha, Gurjistondagi norozilik namoyishlari fonida pirotexnika do‘konlari o‘z faoliyatini cheklay boshladi.

«Exo Kavkaza» internet nashri xabariga ko‘ra, hukumatga qarshi namoyishlar nafaqat poytaxtda, balki Gurjistonning boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi. «Mediazona» Batumi va Kutaisidagi namoyishlar haqida xabar berdi.

Mavzuga oid