«Aeroflot» eski samolyotlarni ehtiyot qismlari uchun sotib olmoqda
Rossiyaning eng yirik aviatashuvchisi beshta yuk tashuvchi Boeingʼni xarid qilish maqsadida «Volga-Dnepr» guruhi bilan muzokaralar olib bormoqda.
Rossiyaning eng yirik aviatashuvchisi — «Aeroflot» kompaniyasi «Volga-Dnepr» guruhidan beshta Boeing 737-800BCF yuk tashuvchi samolyotini sotib olishni rejalashtirmoqda. Kompaniya g‘arb tomonidan joriy etilgan sanksiyalar tufayli butlovchi qismlar kirib kelmayotgani bois ushbu samolotlarning ehtiyot qismlaridan foydalanishni reja qilgan.
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, gap 21-22 yillik bortlar haqida ketmoqda — ularning har biri 1,4 milliard rubldan 1,9 milliard rublgacha turadi. Samolyotlardan foydalanish huquqi «Volga-Denpr» guruhi tarkibiga kiruvchi «Atran» tuzilmasiga tegishli. «Aeroflot» bortlarga egalik qiluvchi Irlandiyaning AerCap kompaniyasi bilan sug‘urta bitimi bo‘yicha kelishuvga erishish niyatida.
Shu bilan birga, «Aeroflot» samolyotlarni o‘zining shu’basiga — «Pobeda» loukosteriga bermoqchi. Manbalarning ta’kidlashicha, sanksiyalar sharoitida yuk samolyotlarini yo‘lovchi tashuvchi havo kemasiga aylantirish juda qiyin va o‘zini oqlamaydigan darajada qimmat. Shu sababdan «Aeroflot» ularning dvigatellari, shassi ustunlari, avionika va boshqa ehtiyot qismlarini yechib oladi.
Rossiya aviabozori uchun bunday bitim birinchi bo‘lishi mumkin. 2023 yilda «Atran» havo kemalariga S7 aviakompaniyasi ham qiziqish bildirgan edi. Ammo tomonlar yakuniy kelishuvga erisha olmagan.
Ukrainaga qarshi urush boshlangunga qadar Rossiya kompaniyalari ixtiyorida 1031 ta samolyot bor edi. Flotning qariyb uchdan ikki qismini Boeing va Airbus samolyotlari tashkil etgan. AQSh va Yevropa Ittifoqi urush sabab RFdagi ushbu samolyotlarga xizmat ko‘rsatishni taqiqlab qo‘ygan.
Rossiya kompaniyalari, shuningdek, yangi laynerlarni sotib ololmaydi. 2023 yilda RF hukumati maxfiy qaror bilan aviakompaniyalarga bir samolyotdagi soz ehtiyot qismni boshqasiga o‘rnatishga ruxsat bergan.
Mavzuga oid
15:29 / 09.11.2024
Myunxen: "Aeroflot" laynerining 2 yil saqlangani 460 ming yevroga tushdi
21:12 / 24.08.2024
Toshkentdan Moskvaga uchgan samolyot nosozlik tufayli aeroportga qaytdi
23:28 / 13.08.2024
«Aeroflot»ni millionlab dollarga ehtiyot qism va’da qilib, ikkinchi bor chuv tushirishdi
20:01 / 21.03.2024