Jahon | 13:33 / 08.12.2024
20090
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putinni Ukraina bilan muzokaralarga chaqirdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev ham «bu aqlsizlikni to‘xtatish» uchun Moskva bilan kelishuv tuzishni istamoqda.

Foto: Getty Images

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp zudlik bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralarni boshlashga chaqirdi. U 8 dekabr kuni o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Suriyada prezident Bashar Asad boshqaruvi yakuniga yetgani yuzasidan bergan bayonotida Ukraina masalasida ham gapirgan.

«Asad endi yo‘q. U o‘z mamlakatidan qochib ketdi. Uning himoyachisi, Rossiya, Rossiya, Rossiya, Vladimir Putin boshqaruvidagi davlat endi uni himoya qilishdan manfaatdor emas. Rossiya u yerda bo‘lishiga umuman hech qanday sabab yo‘q edi. Ular hech qachon boshlanmasligi kerak bo‘lgan va abadiy davom etishi mumkin bo‘lmagan, 600 mingga yaqin rossiyalik askar halok bo‘lgan yoki yaralangan Ukrainadagi urush tufayli Suriyaga bo‘lgan qiziqishlarini butunlay yo‘qotdi», — deyiladi uning bayonotida.

Tramp Ukraina prezidenti Voladimir Zelenskiy «bu aqlsizlikni to‘xtatish» uchun Rossiya bilan kelishuv tuzishni xohlashini aytgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ukrain kuchlari «400 ming askarni behuda yo‘qotgan».

«Darhol o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralarni boshlash kerak. Juda ko‘p hayot behuda ketdi, juda ko‘p oilalar parchalandi. Va agar bu davom etadigan bo‘lsa, u yanada kattaroq va yanada yomonroq narsaga aylanishi mumkin. Men Vladimirni yaxshi bilaman. Endi u harakat qiladigan vaqt keldi. Xitoy yordam berishi mumkin. Dunyo kutmoqda!» degan AQShning saylangan prezidenti.

Donald Tramp Parijda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvidan yarim kun o‘tib shunday bayonot bermoqda. Axios manbasi xabar qilishicha, Tramp avvaliga Zelenskiy bilan uchrashishni istamagan, ammo yakunda Makron uni ko‘ndirgan. Uchrashuv 45 daqiqa davom etgan, manbalarning so‘zlariga ko‘ra, «yaxshi va samarali» kechgan.

Mavzuga oid