Jahon | 09:29 / 09.12.2024
13905
2 daqiqa o‘qiladi

Haitida qirg‘in: kamida 110 kishi o‘ldirildi

Bu qirg‘inga Wharf Jeremie to‘dasi yetakchisining o‘z farzandiga jodugarlikdan zarar yetkazilgani bo‘yicha shubhalari sabab bo‘lgan.

Foto: Reuters

8 dekabr, yakshanba kuni Inson huquqlarini himoya qilish milliy tarmog‘i (RNDDH)ning ma’lum qilishicha, Haitidagi Site-Soley tumanida Wharf Jeremie to‘dasi tomonidan kamida 110 kishi o‘ldirildi. Qirg‘inga jinoiy guruh rahbari Monel «Mikano» Feliksning farzandiga jodugarlik orqali zarar yetkazilgani bo‘yicha shubhalari sabab bo‘lgan.

Feliks bolasining kasalligi tufayli maslahat so‘ragan vudu ustasi bir guruh keksa aholini to‘da boshlig‘ining bolasiga jodugarlik bilan zarar yetkazganlikda ayblaganidan keyin qirg‘in uyushtirishni buyurdi. Machete va pichoqlar bilan qurollangan to‘da a’zolari juma kuni kamida 60 kishini, shanba kuni esa 50 kishini o‘ldirgan. RNDDH ma’lumotlariga ko‘ra, barcha qurbonlar 60 yoshdan oshgan. Feliksning bolasi shanba kuni tushdan keyin vafot etdi.

2022 yilda Monel «Micano» Feliksga qo‘shni Dominikan Respublikasiga kirish taqiqlangan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yil oktyabr holatiga ko‘ra, uning Wharf Jeremie to‘dasi a’zolari soni 300 kishini tashkil qiladi.

Poytaxt Port-o-Prens portiga yaqin joylashgan Site-Soley aholi zich yashaydigan, Haitining eng qashshoq va xavfli hududlaridan biri. Siyosiy bo‘linishlar tufayli parchalanib ketgan orol davlat hokimiyati poytaxt va uning atrofida qurolli to‘dalarning kuchayib borayotgan ta’sirini jilovlash uchun kurashmoqda. 2022 yilda mamlakat hukumati mahalliy politsiya uchun xalqaro yordam so‘ragan, biroq 2023 yilda BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan tasdiqlangan missiya qisman joylashtirilgan va jiddiy resurslar bilan ta’minlanmagan.

Mavzuga oid