Jahon | 21:25 / 10.12.2024
16369
6 daqiqa o‘qiladi

Putinning “Oreshnik” raketasi Vashingtonni xavotirga solib qo‘ydi - ekspert

Shimoliy Koreya Ukraina frontiga askar yuborgani haqidagi xabarlar ortidan, Yevropa liderlari ham Kiyevga shunday yordam ko‘rsatish masalasini muhokama qila boshladi. Ayni paytda, Rossiyaning yangi deyilayotgan “Oreshnik” raketasi bilan uyushtirgan hujumi Trampning Putinga nisbatan simpatiyasini susaytirgandek ko‘rinmoqda.

AQShdagi prezidentlik saylovida Donald Tramp g‘alaba qozonishi ortidan, Yevropa mamlakatlari koalitsiyasi tomonidan Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar yuborilishi bo‘yicha muhokamalar yana tiklandi.

O‘tgan hafta Fransiya va Britaniya Ukrainada otashkesimga erishish, shundan keyin bu kelishuv ijrosini nazorat qilish uchun mamlakatga o‘z qo‘shinlarini joylashtirish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Buning ortidan Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Ukrainaga ittifoqchilar, xususan Berlin tomonidan qo‘shin jo‘natish masalasini ehtimoldan soqit qilmasligini aytdi.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar bu boradagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Kamoliddin Rabbimovning fikricha, hozir hamma, xususan Yevropa ham o‘yinga Donald Tramp kelib qo‘shilishini kutmoqda. Uning inauguratsiyasi – 20 yanvarda.

“So‘nggi xabarlarga ko‘ra Ukrainaga F-16 samolyotlarining keyingi ikkinchi partiyasi yetkazilgan, ya’ni Ukrainaga berilayotgan yordamlar to‘xtatilgani yo‘q va davom etyapti.

Bugungi kunda asosiy masala: Tramp hokimiyatga kelgandan keyin Ukrainaga va Rossiyaga nisbatan qanday strategiyani qo‘llashi. Lekin Trampning asosiy “fishka”si, ya’ni siyosatchi sifatidagi uning o‘ziga xosligi – u ta’bir qilib bo‘lmas siyosatchi ekanida.

U katta vajohat bilan bosimlar qilishi mumkin, kutilmaganda yarashamiz, kelishamiz deyishi ham mumkin. Ikki tomonga ham o‘zining paketini taklif qiladi – Ukrainaga ham, Rossiyaga ham. Lekin uning Rossiyaga bo‘layotgan munosabati borgan sari sovib borayotgani elementlari sezilyapti.

Tramp – bu Amerikaning lideri. Uning maslahatchilari aytadiki, bizning dunyo darajasidagi ikkita katta opponentimiz bor: bittasi dushmanimiz, bittasi raqibimiz. Bu bittasi Xitoy Xalq Respublikasi bo‘ladigan bo‘lsa, ikkinchisi Rossiya Federatsiyasi. Ular sizga qanchalik simpatiyali ko‘rinmasin, siz qudratli AQShning rahbari sifatida shu ikkala kuch markazi bilan kurashishingiz kerak, degan narsani aytishi tabiiy.

Albatta, Zelenskiy yo‘qotilgan yerlardan voz kechishga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin G‘arbiy Yevropa Ukrainaga yordam berish strategiyasida davom etadi. Rossiya iqtisodiyotida urush va sanksiyalarning ta’siri borgan sari ko‘proq ko‘rinib bormoqda”, – deydi Rabbimov.

Putin tomonidan “Oreshnik”ning ishlatilishi Vashingtonni qo‘rqitib yubordi va Putinga nisbatan Trampdagi moyillik pasaydi. Sovuqqonlik paydo bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar rasmiylari Vashingtonda Ukraina mas’ullari bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazyapti. Lekin Rossiya tarafi bu uchrashuvlarga kelmayapti yoki taklif qilinmayapti. Ya’ni Tramp jamoasi Kiyevga yon bosa boshlagan bo‘lishi mumkin”, – deydi u.

Siyosiy tahlilchi Bektosh Berdiyevning fikricha, G‘arbiy Yevropa liderlari Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar yuborishga qaror qilsa, bu qarorlarini o‘z jamoatchiligiga jiddiy asoslantirib berishiga to‘g‘ri keladi.

“Ko‘pincha avvaliga u yoki bu qaror bo‘yicha birlamchi axborot tarqatiladi, jamoatchilik fikri tayyorlanadi, jamoatchilik muhokama qiladi, aholining ma’lum bir qatlami qo‘llab-quvvatlaydi, ma’lum bir qatlami bunga qarshi chiqadi. Yevropa hozir [Ukrainaga qo‘shin yuborish masalasida] mana shunday qilmoqda. Lekin liderlar bugun Ukrainaga qo‘shinlarini, tinchlikparvar kuchlarimi yoki NATOning askarlarimi, umuman harbiylarini Ukraina va Rossiya urushida qurbon qilishga tayyormi?

Chunki G‘arbda javobgarlik masalasi nihoyatda yuqori bo‘ladi. Masalan, Shols nemis xalqining irodasini tasdiqlamay bunday keskin qarorlar qabul qilolmaydi. Qabul qiladigan bo‘lsa, u ertaga juda katta javobgarlikka olib keladi”, – deydi u.

Siyosatshunos Fazliddin Madiyevga ko‘ra, AQSh va Britaniya Ukraina masalasida vazifalarni bo‘lib olgandek ko‘rinmoqda.

“Britaniyaga yuklatilgan vazifa shuki, London Yevropa va Sharqiy Yevropa hamda G‘arbiy Yevropani Rossiya ta’siridan qutqarish uchun jiddiy ishlaydi. AQSh esa asosan Xitoy bilan shug‘ullanadi, Xitoyni o‘rab olish, unga iqtisodiy va siyosiy ta’sir ko‘rsatishga intiladi.

Bundan tashqari, Trampning siyosiy madaniyati ancha oshdi. Birinchi prezident bo‘lib kelgan paytida uning nima qilishini hech kim taxmin qilolmagan edi. Lekin u o‘zgargan, ma’lum dasturlarga egaligi bilindi”, – deydi Madiyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Kurskda egallab turilgan hududlar muzokaralarda Ukrainaning asosiy afzalliklaridan biri bo‘ladi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid