Jahon | 10:50 / 16.12.2024
3235
3 daqiqa o‘qiladi

GuM hamraisi GFRning NATOga a’zoligini shubha ostiga oldi

Tino Xrupalla Die Welt nashriga bergan intervyusida Germaniyaning NATOga a’zoligini shubha ostiga oldi va Germaniya hukumatini Rossiyaning Ukrainadagi urushdagi g‘alabasini tan olishga chaqirdi.

Tino Xrupalla Foto: Stefan Beetz/sbeetz.com

«Germaniya uchun muqobil» (GuM) o‘ng populist partiyasi hamraisi Tino Xrupalla Germaniyaning NATOga a’zoligini shubha ostiga oldi. U Die Welt nashriga intervyu berdi, uni nashr 15 dekabr, yakshanba kuni o‘z veb-saytida joylashtirdi.

«Hozirgacha Yevropa Amerika manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga majbur bo‘ldi, biz buni rad etamiz», dedi Xrupalla. Uning so‘zlariga ko‘ra, mudofaa bloki «barcha Yevropa davlatlari, jumladan, Rossiya manfaatlarini qabul qilishi va hurmat qilishi» kerak. «Agar NATO buni ta’minlay olmasa, Germaniya bu ittifoq biz uchun qanchalik foydali ekanligini o‘ylab ko‘rishi kerak», dedi u.

Siyosatchi yanvar oyida Riz (Saksoniya federal yeri)dagi partiya konferensiyasida qabul qilinishi kutilayotgan saylovoldi dasturi loyihasidagidan ko‘ra qat’iyroq pozitsiyani tanladi, deya qayd etadi n-tv telekanali.

Unda, xususan, shunday deyiladi: «Mustaqil va samarali Yevropa harbiy ittifoqi tuzilmaguncha, NATOga a’zo bo‘lish va Germaniyaning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidagi faol roli bizning xavfsizlik strategiyamizning markaziy elementlari bo‘lib qoladi».

Xrupalla: Rossiya Ukrainadagi urushda g‘alaba qozondi

GuM hamraisi, shuningdek, Yevropa Ittifoqini «iqtisodiy hamjamiyat va manfaatlar hamjamiyatiga» almashtirish zarur deb hisoblaydi. «Chiqib ketishdan oldin yangi tuzilmani aniq kelishib olish kerak, aytmoqchi, xuddi shu narsa NATOga ham tegishli», dedi u.

Bundan tashqari, Xrupalla Germaniya hukumatini Rossiyaning Ukrainadagi urushdagi g‘alabasini tan olishga chaqirdi. «Rossiya bu urushda g‘alaba qozondi», dedi siyosatchi. «Haqiqat Ukrainaga urushda g‘alaba qozonish imkoniyatini berishni xohlayotganini da’vo qilayotganlarga yetib keldi», deya qo‘shimcha qildi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya hukumati «nihoyat urushni to‘xtatmoqchi bo‘lgan nuqtaga kelishi» kerak.

Ukrainaning Germaniyadagi sobiq elchisi Andrey Melnik Xrupallani tanqid qildi. «Rossiya yutgani safsata. Balki sizning xayolingizda shunday bo‘lgandir», deb yozgan Melnik X ijtimoiy tarmog‘ida.

U, shuningdek, GuMni Rossiya hujum qilsa, Germaniya jangsiz taslim bo‘lishida aybladi. «Agar bir kun Putin qo‘shinlari Berlin darvozasi oldida to‘planishsa, siz birinchi bo‘lib rossiyaliklarni gul bilan kutib olasiz va ularga kalitlarni tantanali ravishda topshirasiz. Nemislar qanday qilib sizga chidab o‘tiribdi?» — deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid