O‘zbekiston | 08:14
3060
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri va viloyat markazlarida ko‘chmas mulk bozorida faollik oshdi

Noyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlarining barqarorlashuvi davom etdi. Bir kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi 8,3 dollarni tashkil etdi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahri va viloyat markazlarida ko‘chmas mulk bozorida faollik oshib, bozor yana o‘z mavqeyini tiklamoqda, hududlarda sezilarli o‘sish kuzatildi. Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘zgarish yillik o‘sish 6 foizga yetishini ta’minladi, natijada bozorda ijobiy tendensiya kuzatilmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga ko‘ra, noyabrda ko‘chmas mulk bozori ijobiy tendensiya qayd etdi. Oldi-sotdi shartnomalari soni 21,9 mingtani tashkil etib, oktyabrga nisbatan 2,5 foizga oshdi.

Shuningdek, yillik hisobda ko‘chmas mulk bozorida faollik 0,8 foizga o‘sdi.

Noyabr oyida hududlar kesimida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk bitimlarida o‘sish Xorazm va Buxoro viloyatlarida mos ravishda 15,6 foiz va 8,4 foizga qayd etildi.

Toshkent poytaxt sifatida ko‘chmas mulk bozori umumiy hajmining 30 foizdan ortig‘ini egalladi, faollik 9,3 foizga oshdi.

Bir oy ichida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari deyarli o‘zgarmadi (0,3 foizga o‘sish), o‘tgan yilga nisbatan 6,2 foizga o‘sish qayd etildi.

Hududlar kesimida ikkilamchi bozor uy-joy narxlari sezilarli darajada Surxondaryo (18,1 foiz), Buxoro (11,9 foiz) va Qashqadaryo (10,2 foiz) viloyatlarida ko‘tarilgan.

Ikkilamchi uy-joylarning eng maqbul narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilib, kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 333 dollarni tashkil etdi.

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi oy davomida 0,2 foizga oshib, 1,1 ming dollardan sal ko‘proqni tashkil etdi.

Poytaxtning Bektemir (4,4 foiz), Yashnobod (2,4 foiz) va Shayxontohur (2,2 foiz) tumanlarida narxlar sezilarli darajada oshgani qayd etildi.

Respublika bo‘yicha ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha qiymati yil davomida 6,2 foizga oshgan bo‘lsa, Toshkent shahrida 1,5 foiz pasayish kuzatildi.

Noyabr oyida Toshkent shahridagi ijara bozorida turg‘unlik qayd etildi. Bir kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi 8,3 dollarni tashkil etdi, bu joriy yilning iyun oyi ko‘rsatkichiga mos keladi.

Noyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlarining barqarorlashuvi davom etdi. Bir kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi 8,3 dollarni tashkil etdi, bu joriy yilning iyun oyi ko‘rsatkichiga mos keladi.

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10-11 dollarni tashkil etadi.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 10,7 foizga pasaydi. Yil davomida narxlarning eng katta pasayishi Uchtepa (14,5 foiz), Yashnobod (14,3 foiz) va Yunusobod (13,8 foiz) tumanlarida qayd etildi.

Mavzuga oid