Jahon | 17:59 / 25.12.2024
1179
5 daqiqa o‘qiladi

Iqlim o‘zgarishi zilzilalar sonini oshirishi mumkin

Olimlar yaqinda Tinch okeanidagi orol-davlatda yuz bergan kuchli zilzilani iqlim o‘zgarishi bilan bog‘ladi.

Foto: AP

O‘tgan hafta Tinch okeanidagi aholi eng zich joylashgan Vanuatu oroli qirg‘oqlari yaqinida 7,3 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Rasmiylarning aytishicha, poytaxt Port-Vil markaziga eng ko‘p zarar yetgan, 10 kishi halok bo‘lgan, 200 dan ortiq odam yaralangan.

Tinch okeani olovli halqasi — tektonik plitalar va vulqonlar mintaqasida joylashgan Vanuatu muntazam ravishda zilzilalardan silkinib turadi. Biroq orol aholisi oxirgi marta qachon bunchalik kuchli zilzila yuz berganini eslay olmasligini aytdi.

Yangi tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, iqlim o‘zgarishi zilzilalarning xususiyatiga ta’sir qilishi mumkin.

Vanuatudagi zilzila iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liqmi?

Vanuatu — Avstraliya va Fiji oralig‘ida joylashgan, Tinch okeanining janubiy qismidagi keng hududlarni o‘z ichiga olgan ulkan arxipelagdir.

80 dan ortiq marjon qoyalar va vulqon orollaridan iborat bu hududda 330 000 nafar aholi istiqomat qiladi.

Mamlakat iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p ta’sirlanadigan davlatlar qatoriga kiradi. Dekabr oyi boshida Vanuatu Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oliy sudida ushbu masala yuzasidan ko‘rilgan muhim ishda kichik orol davlatlar guruhiga boshchilik qilgandi.

Vanuatuning joylashuvi mamlakatni zilzilalar oldida ojiz qilib qo‘yadi, biroq iqlim o‘zgarishi tufayli uning seysmik beqarorligi yanada ortishi mumkin.

“Iqlim o‘zgarishi chegara bilmaydigan va siyosiy mafkura yoki geografik joylashuvidan qat’i nazar, barcha mamlakatlarga ta’sir ko‘rsatadigan tahdiddir”, — deb ta’kidladi Vanuatuning iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit bo‘yicha maxsus elchisi Ralf Regenvanu. “Endi hech bir davlat boshini qumga tiqib, bu muammodan yashirina olmaydi”.

Iqlim o‘zgarishi zilzilalar sonini oshirishi mumkin

Kolorado shtati universiteti tomonidan yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot ko‘rsatishicha, iqlim o‘zgarishi yanada ko‘proq zilzilalarga sabab bo‘lishi mumkin. Bu iqlimning seysmik faollikka ta’sirini ko‘rsatuvchi avvalgi tadqiqotlar natijasini tasdiqlaydi.

Geology jurnalida e’lon qilingan yangi natijalar Kolorado janubidagi Sangre-de-Kristo tog‘lari va ularning g‘arbiy chekkasidan o‘tadigan faol yoriqlar tahlilidan olingan.

Jamoalar oxirgi muzlik davrida muzliklarning og‘irligi ta’sirida yoriq o‘z joyida saqlanib qolganini aniqladi. Ammo muz erishi bilan yoriq bo‘ylab faollik kuchaygan. So‘nggi muzlik davridan buyon yer qobig‘ida yoriqlarning paydo bo‘lishi tezligi, tog‘ tizmasi muzliklar bilan qoplangan davrga nisbatan besh barobar oshgan. Muzliklar chekinishi oqibatida yoriq bo‘ylab seysmik faollik tez-tez kuzatilishi mumkin.

“Iqlim o‘zgarishi geologik yozuvlarda kuzatilgan tezlikdan bir necha barobar yuqori sur’atda sodir bo‘lmoqda”, — deb ta’kidlandi tadqiqotning birinchi muallifi Sese Urtadoning bayonotida. “Biz buni Alyaska, Himolay va Alp tog‘laridagi tog‘ muzliklarining tez chekinishi misolida ko‘ryapmiz. Ushbu hududlarning ko‘pchiligida faol tektonika ham kuzatilmoqda”.

Olimlarning xulosasiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi muz va suv yuklamalarini o‘zgartirgani sababli, tektonik faol hududlarda yoriqlar harakati va zilzilalar yanada tez-tez sodir bo‘lishi mumkin.

Iqlimning zilzilalarga ta’sirini tushunish xavfni baholashga yordam beradi

Tadqiqotchilarning ishi iqlimning seysmik faollikka ta’siri haqidagi dalillarni boyitmoqda.

“Anchadan beri bu jarayonlarni modellashtirib kelamiz, biroq tabiatda buning misollarini topish qiyin”, — dedi tadqiqotning katta muallifi, Yer haqidagi fanlar kafedrasi dotsenti Shon Gallen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar zilzilalarning kelib chiqish sabablari haqida muhim axborot beradi, bu esa xavfni baholashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid