Jahon | 14:07 / 25.12.2024
1205
3 daqiqa o‘qiladi

Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi

Knessetdagi 120 deputatdan 29 nafari Isroilda favqulodda holat rejimini 2025 yil 25 dekabrga qadar uzaytirishni yoqlab ovoz berdi, yetti nafari qarshi chiqdi, qolganlari qatnashmadi yoki betaraf qoldi.

Foto: Bildagentur-online/Schöning/picture alliance

Isroil parlamenti (Knesset) mamlakatdagi favqulodda holat (FH)ni yana bir yilga — 2025 yilning 25 dekabriga qadar uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb xabar berdi 24 dekabr, seshanba kuni Isroil OAV. Bu taklifni 120 deputatdan 29 nafari qo‘llab-quvvatladi, yana yetti nafari qarshi ovoz berdi, qolganlari qatnashmadi yoki betaraf qoldi.

Shunday qilib, Knesset o‘zining Tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati hamda Adliya qo‘mitasi tavsiyalariga amal qildi. Favqulodda holat mamlakat hukumatiga favqulodda farmonlar, xususan, milliy qonunchilikdan ustun bo‘lgan qoidalarni chiqarish imkonini beradi.

Knesset Isroildagi favqulodda holat muddatini oxirgi marta shu yilning may oyida uzaytirgan edi, biroq o‘shanda uning muddati olti oy bo‘lgan.

TSAHAL Suriya bilan chegaradagi bufer zonaga kirganini e’lon qildi

Suriyadagi vaziyat o‘zgarib borayotganini inobatga olgan holda TSAHAL qo‘shinlarini Suriya bilan chegaradagi bufer zonaga «va bir qator boshqa joylarga Jo‘lan tepaliklaridagi jamoalar va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun» joylashtirdi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari (TSAHAL) 8 dekabr kuni Telegramʼda e’lon qildi.

«TSAHAL Suriyadagi ichki voqealarga aralashmasligini ta’kidlaymiz, - deyiladi bayonotda. - TSAHAL bufer zonani saqlab qolish va Isroil va uning tinch aholisini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan vaqtgacha o‘z faoliyatini davom ettiradi».

Xuddi shu kuni, 8 dekabrda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriyada Bashar Asad rejimining ag‘darilganini olqishlab, bu sodir bo‘lgan kunni Yaqin Sharqda «tarixiy kun» deb atadi. Suriya hukmdori Asadning qulashi «Eron yovuzlik o‘qi»ning markaziy bloklaridan biri vayron bo‘lishiga olib keldi, dedi Isroil bosh vaziri Jo‘lan tepaliklariga tashrifi chog‘ida.

Shu bilan birga, u Isroilning «Hizbulloh» harakati va «Asadning eng muhim tarafdorlari» bo‘lgan Eronga qarshilik ko‘rsatishi Bashar Asad rejimining ag‘darilishida ham muhim rol o‘ynagan, degan fikrni bildirdi. «Bu Yaqin Sharqda zanjirli reaksiyaga sabab bo‘ldi va zulm qilgan rejimdan ozod bo‘lishni istaganlarni kuchaytirdi», dedi Netanyahu.

Isroil bosh vazirining ta’kidlashicha, u TSAHALga Jo‘lan tepaliklaridagi bufer zonaga kirib borish va bu hududni, shuningdek, «qo‘shni strategik pozitsiyalarni» nazoratga olish buyrug‘ini bergan. «Suriya bilan bufer zona bo‘yicha 50 yillik kelishuv barbod bo‘ldi. Isroil hech qanday dushman kuchlarni chegaramizda o‘rnatishga yo‘l qo‘ymaydi», — deya Netanyahu so‘zlarini keltirgan AFP.

Mavzuga oid