Jahon | 22:47 / 25.12.2024
32630
4 daqiqa o‘qiladi

Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?

Rossiyaning o‘z tarixiy hududlarini tiklashga kuchi yetadi, bunga shak-shubha bo‘lishi mumkin emas, juda katta dasturimiz bor, dedi Vladimir Putin 19 dekabr kuni “Pryamaya liniya”da. U “Rossiyaning tarixiy hududlari” deganda qayerlarni nazarda tutyapti? Kun.uz studiyasida siyosiy tahlilchilar ushbu savol atrofida bahs yuritdi.

Bektosh Berdiyevning fikricha, bunday bayonotdan maqsad – ko‘plab ekspertlar tomonidan aytilayotgan “Ukraina bilan urushda Rossiyaning resurslari deyarli tamom bo‘ldi” degan fikrni rad etish.

“Ikkinchidan, tarixiy hududlar deganda Markaziy Osiyoni nazarda tutdimi-yo‘qmi, bu haqda hali aniq bir gap aytish qiyin. Qolaversa, tarixiy nuqtayi nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, yangi katta o‘yin boshlanganidan keyin Rossiya tomonidan bosib olingan. Lekin ungacha bo‘lgan davrdagi tarixiy hududlari sifatida aynan bugun urush ketayotgan Ukraina va boshqa hududlar ko‘riladi”, – deydi u.

Abduvali Soyibnazarov ham bu fikrga qo‘shilishini, gap Moldova va Ukraina hududlari haqida ketayotganini ta’kidladi.

“Markaziy Osiyoni qo‘shib olish yoki bosib olish uchun uchun Vladimir Putinning umri yetmasa kerak. Chunki bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaning ittifoqchilari hisoblanadi. O‘zbekiston va Rossiya 2005 yilda ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Rossiya ittifoqchilik shartnomalarini Ozarboyjon, Armaniston, Qozog‘iston va boshqalar bilan ham imzolagan. Menimcha, yaqin 50 yil ichida Markaziy Osiyo va Kavkazdagi davlatlar bilan Rossiya o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari saqlanib qoladi. Ukraina bilan bunday shartnomasi hech qachon bo‘lmagan”, – deydi u.

Shuhrat Rasul yuqoridagi fikrlarni rad etarkan, suhbatdoshlar “Rossiyaga advokatlik qilayotgani”ni aytdi.

“Janob Putin nimani nazarda tutdi, o‘zi biladi. Biz buni bilmaymiz. Lekin bir hafta oldin ham Rossiya markaziy televideniyesidan ularning bir qancha “ekspertlari” O‘zbekistonga yana hujumlarini uyushtirdi. Go‘yoki “Tarixda Rossiya imperiyasi Markaziy Osiyoni bosib olgan emas, qo‘shildi” deyilyapti. Bu mutlaqo yolg‘on. Ajdodlarimiz ularni gullar bilan emas, qurollar bilan kutib olishgan. Pyotr shaxsan o‘zi, 18-asrning boshida, Bekovich boshchiligida uch mingta kazakni gullar bilan emas, miltiq bilan jo‘natgan edi-ku Xorazmga. U nima bilan to‘laganini hammamiz bilamiz”, – deydi Shuhrat Rasul.

Tarixchi Ixtiyor Esonov esa Putin Markaziy Osiyoni ham nazarda tutgan bo‘lishi mumkin degan fikrda.

“Putin Markaziy Osiyoni ham nazarda tutgan bo‘lishi mumkin, har holda AQShdan Alyaskani qaytarib ololmaydi-ku. Yoki Uzoq Sharqda Xitoy nazoratidagi yerlarga da’vo qilolmaydi. Ukraina bilan esa shundoq ham urushda.

Agar janob Putin Pyotr II dan keyingi bo‘lgan davrni nazarda tutayotgan bo‘lsa, u menimcha, bizga ham urg‘u berdi, ya’ni bu yerda eng kuchsiz deb hisoblayotgan aynan O‘rta Osiyo mamlakatlariga urg‘u beryapti”, – deya qayd etdi Esonov.

Mavzuga oid