Sport | 17:24 / 06.01.2025
10319
2 daqiqa o‘qiladi

Ayiq bilan kurashgan bokschi Shahram G‘iyosov jarimaga tortildi

G‘iyosov Ekologiya vazirligiga chaqirtirilib, unga nisbatan “hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish” moddasi bilan ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Sportchi uzr so‘ragan.

Foto: Videodan kadr

Bokschi Shahram G‘iyosov ayiq bilan kurashga tushgani uchun jazolandi.

Ekologiya vazirligiga ko‘ra, sportchi “hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish” moddasi bilan 3 BHM (1 mln 125 ming so‘m) ma’muriy jarimaga tortilgan. Ma’muriy javobgarlik kodeksida ushbu qilmish uchun 3 BHMdan 5 BHMgacha jarima ko‘zda tutilgan.

Shahram G‘iyosov vazirlikka chaqirtirilib, tushuntirish berilgan.

“O‘z navbatida, Shahram G‘iyosov uzr so‘rab, o‘z xatosini tushunib yetgani va bunday holat boshqa takrorlanmasligini ta’kidladi”, – deyiladi xabarda.

Video ishtirokchilari va tashkilotchilardan tushuntirish xatlari olingan. Ayiq Farg‘ona hayvonot bog‘iga topshirilgan.

Boks bo‘yicha jahon chempioni va Olimpiada kumush medali sovrindorining ayiq bilan kurashga tushib, uni bir necha marta yiqitgani, bu paytda bir kishi ayiqning jilovidan ushlab turgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga sabab bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi o‘tgan yili noyabrda qabul qilgan qarorga asosan, 2025 yil 1 yanvardan e’tiboran, jismoniy shaxslarga bir qator yovvoyi hayvonlarni, xususan ayiqlarni saqlash taqiqlangan. Ayiqlardan sirk tomoshalarini o‘tkazish maqsadlarida foydalanish ham man etildi.

Mavzuga oid