KXDR mudofaa vaziri Xyon Yon Chxol Moskvada bo‘lib o‘tgan konferensiyada ishtirok etganidan so‘ng qatl qilinishi ekspertlarning shubha-gumonlariga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda The Financial Times nashrida yozildi.
Nashrda ta'kidlanishicha, Xyon Yon konferensiyadan qaytgach, Kim Chen In Moskvaga safarini bekor qilgan.
“Mudofaa vaziri Rossiyadan raketa quroli va asbob-uskunalarini sotib olishga harakat qilgan, ammo buning uddasidan chiqa olmagan. Shu tufayli Kim Chen In 9 may kuni Moskvaga borish fikridan qaytgan”, – deb yozadi nashr kolumnisti.
Eslatib o‘tamiz, chorshanba kuni mamlakat mudofaa vaziri davlatga xiyonatda ayblanib qatl qilingani ma'lum bo‘ldi. Aytilishicha, u harbiy tadbir chog‘ida davlat rahbarining topshiriqlarini bajara olmagani tufayli Pxenyandagi harbiy o‘quv yurtida zenit to‘pidan otilgan. Endi esa bu qatlga uning Moskvadagi diplomatik mag‘lubiyati sabab bo‘lgani da'vo qilinmoqda.