12:50 / 04.06.2015
2125

Yoz mavsumida Toshkent viloyatidagi oromgohlarda 42500 nafardan ortiq bolalar sog‘lomlashtiriladi

Oromgohlarda bolalarning har bir kunining maroqli va qiziqarli o‘tishi hamda ularning xavfsizligini ta'minlash maqsadida 1-Toshkent pedagogika kollejida shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi tomonidan anjuman uyushtirildi. Bu haqda “Toshkent oqshomi” gazetasi xabar beradi.

Unda yozgi sog‘lomlashtirish mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish bo‘yicha Toshkentdagi mutasaddi tashkilotlar, idoralarning mas'ul xodimlari, korxona, tashkilotlar tasarrufidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda «2015 yilgi yoz mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada tashkil etishda kasaba uyushmalarining roli», «Yoz mavsumiga tayyorgarlikni o‘rganish natijalari va bugungi kunda joylarda olib borilayotgan ishlar», «Oromgohlarga bolalarni olib borish va olib kelishda yo‘l-patrul xizmati mas'ul xodimlarining vazifalari» mavzularida ma'ruzalar tinglandi. Shuningdek, oromgohlarda favqulodda hodisalarning oldini olish, bolalarning xavfsizligini ta'minlash, yong‘in chiqishining oldini olish, tibbiy-profilaktik yordam ko‘rsatish, sport musobaqalarini uyushtirish hamda turli mavzulardagi madaniy-ma'rifiy uchrashuvlarni tashkil etish borasidagi ishlar yuzasidan o‘rinli fikr-mulohazalar bildirildi.

"Mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama yetuk va barkamol inson sifatida voyaga yetishini ta'minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Mehnatkashlar hamda ularning farzandlarini sog‘lomlashtirish va dam oldirish, kasaba uyushmalari faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Poytaxtimizdagi korxonalar va tashkilotlarning shahardan tashqaridagi joylashgan so‘lim bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida bu yilgi yoz mavsumida jami 42 ming 500 nafardan ortiq bolajonlarning sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan. Jumladan 26 ming 500 nafar farzandlarimiz shahar tashqarisidagi 24 ta statsionar oromgohlarda dam olsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashrif buyuradigan bolajonlarning 1700 nafarini poytaxtimiz tasarrufidagi bahavo oromgohlarga joylashtirish rejalashtirildi. 16 ming nafar bola shahar umumta'lim maktablari qoshida tashkil etiladigan 36 ta kunduzgi oromgohlarda maroqli dam oladi. Eng asosiy vazifamiz, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning ta'til vaqtlarini maroqli va mazmunli tashkil etish, ularning sog‘liqlarini tiklash va ta'tilning har bir daqiqasini sermazmun o‘tkazishlarini ta'minlashdan iboratdir", — deydi Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashining raisi Sayfulla Ahmedov.

Top