15:27 / 08.06.2015
5004

O‘zbekiston MERS virusini mamlakatga kiritmaslik yuzasidan choralar ko‘rmoqda

O‘zbekistonda mamlakat hududiga Yaqin Sharq respirator sindromi (YaShRS/MERS)ning kiritilmasligi va tarqalmasligi yuzasidan barcha choralar ko‘rilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Mamlakatdagi barcha aeroportlarda kelayotgan yo‘lovchilar orasida isitmasi bor bemorlarni aniqlash uchun zamonaviy qurilmalar yordamida monitoring o‘tkazilmoqda.

Ayniqsa, Yaqin Sharq davlatlari va Janubiy Koreyadan tashrif buyurayotgan yo‘lovchilar sinchkovlik bilan tekshirilmoqda.

O‘zbekistonda o‘tkir respirator infeksiyalar va zotiljam holatlari bo‘yicha epidemiologik nazorat o‘tkazilmoqda. Tibbiy xodimlar uchun MERS bilan kasallangan bo‘lishi mumkin bo‘lgan bemorlarni aniqlash va davolash bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqildi.

Barcha yuqumli kasalliklar statsionarlarida bunday bemorlarni gospitalizatsiya qilish va xavfsiz sharoitlarda davolash uchun barcha sharoitlar tayyorlab qo‘yildi.

Ma'lumot uchun, koronaviruslar insonda shamollashdan og‘ir respirator sindromgacha olib keluvchi viruslarning katta oilasi hisoblanadi. Yaqin Sharq respirator sindromi Saudiya Arabistonida 2012 yilda ilk bor aniqlangan yangi BVRS-KoV koronavirusi tomonidan qo‘zg‘atilgan kasallik hisoblanadi.

Barcha kasallanish holatlari Yaqin Sharq davlatlaridan kelgan yoki BVRS-KoV bilan kasallangan bemorlarga qaragan odamlar orasida ro‘y bergan. Ko‘pchilik birlamchi bemorlar tuyalar yashaydigan joylarga borganlari, uning suti yoki go‘shtini iste'mol qilganlari aniqlandi. Bu kasallik odamlardan yuqqan ikkilamchi kasallik holatlarining ko‘pchiligi tibbiy xodimlar orasida qayd etilgan.

Top