21:39 / 16.06.2015
3852

Rossiya Tergov qo‘mitasi AQShga Oyda suratga olingan yo‘qolgan kinoplyonkani topishga yordam berishni taklif qildi

Rossiya Tergov qo‘mitasi shu tariqa AQShning Rossiyada futbol bo‘yicha 2018 yilgi Jahon chempionatini o‘tkazishga ta'sir qilishga urinishlariga kinoyali tarzda javob berdi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi amerikalik fazogirlarning 1969 va 1972 yillarda Oyga qo‘yganlarini shubha ostiga qo‘ydi. Tergov qo‘mitasi AQShning futbol siyosatiga aralashuviga shunday kinoyali sanchiq bilan javob berdi. Bu haqda “Izvestiya” nashri xabar bermoqda.

Rossiya Tergov qo‘mitasining rasmiy vakili Vladimir Markin amerikalik fazogirlarning Oyga parvozlari yozilgan yo‘qolib qolgan kinoplyonkani topishda AQShga yordam berishni taklif qildi.

“Fazogirlar tomonidan Oyda olingan plyonka qayerga yo‘qolib qolgani yoki 400 kg ga yaqin Oy tuprog‘ining qayerga berkitilgani va boshqa hech kimga ko‘rsatilmagani aniqlash bo‘yicha xalqaro tergov o‘tkazishga yordam berish mumkin. Yo‘q, biz ular Oyga uchmaganlar demayapmiz, faqatgina u yerda kino olinganiga shubha bildiryapmiz. Biroq bu barcha ilmiy, madaniy artefaktlar butun insoniyat boyligi hisoblanadi va ularning yo‘qolishi bizning umumiy yo‘qotishimizdir. Tergov esa hammasiga oydinlik kiritadi”, deb aytdi Markin.

2009 yilda NASAning rasmiy vakili 45 ta g‘altak plyonkadan iborat Oyga AQSh fazogirlari qo‘nishining ilk asl videoyozuvi yo‘qolganini e'lon qilgandi. Bu “Oy fitna”si nazariyasi tarafdorlarining AQShning Sobiq ittifoq bilan koinotni zabt etish uchun poygada Oyga qo‘nish bo‘yicha ekspeditsiyalarining barcha hujjatlari soxlatashtirilgani haqidagi da'volarining yana bir isboti bo‘ldi.

Top