12:50 / 16.09.2015
2015

KXDR diplomatik vakolatxonalarda Facebook ijtimoiy tarmog‘i va YouTube videoxostingiga to‘siq o‘rnatdi

KXDR diplomatik vakolatxonalarda Facebook ijtimoiy tarmog‘i va YouTube videoxostingiga to‘siq o‘rnatdi. Pxenyanda xorijliklarga aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Yulduz” mahalliy kompaniyasi xorijiy davlatlar elchixonalari, xalqaro insonparvar tashkilotlar, shu jumladan, BMTga bu haqda ogohlantirish yuborgan.

Xabarda qayd etilishicha, kompaniya xodimlari “tahdid va tuhmatdan iborat xabarlar, jumladan, KXDR hukumat tashkilotlari manziliga qaratilgan hamla va tanqidlar” mavjud bo‘lgan internet-resurslariga kirishni ta'minlamaydi. Shuningdek, mamlakatda yana bir qator internet-saytlarini bloklash bo‘yicha “qora ro‘yxat” tuzilgan. Ushbu cheklovlarning doimiy yoki vaqtinchalik ekani ma'lum emas.

Avvalroq Shimoliy Koreya hukumati mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijliklarga Wi-Fi texnologiyasidan foydalanishni taqiqlagan edi. Radioto‘lqinlar nazorati bo‘yicha milliy boshqarma xabarida qayd etilishicha, mazkur cheklov “mamlakat xavfsizligini ta'minlash” maqsadida joriy etilgan. Mazkur qaror bajarilmagan taqdirda, holatdan kelib chiqib, yirik miqdordagi moliyaviy jarima qo‘llanilishi, bunday sistemalar ishi to‘xtatib qo‘yilishi yoki ular uchun mo‘ljallangan uskunalarning olib qo‘yilishi belgilangan.

KXDRning oddiy fuqarolari “global o‘rgimchak to‘ri”ga ulanishdan mahrum qilingan. Ular uchun KXDRning maxsus Kvanmyon ichki tarmog‘i ishga tushirilgan bo‘lib, Koreya Mehnat vazirligi va mamlakat rahbariyati erishgan yutuqlar, ilmiy-texnik muvaffaqiyatlar tashviqot qilinadi.

Top