10:56 / 25.09.2015
2061

Qirg‘izistondagi parlament saylovlariga 24,5 mln dollar ajratildi

Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarini tashkil etish uchun mamlakat byudjyetidan 1,6 mlrd qirg‘iz somi (24,5 mln dollar atrofida) ajratildi. Bu haqda TASS saylovlar va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasiga asoslanib xabar berdi.

MSK xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur mablag‘larning asosiy qismi zamonaviy elektron texnikalarni sotib olishga sarflanadi. “Gap elektron saylov qutilari va fuqarolarning biometrik ma'lumotlarini hisoblovchi qurilmalar haqida ketmoqda, - deya qayd etildi MSKda. – Saylov kuni ular barcha, jumladan, mamlakatdan tashqarida tashkil etiladigan saylov uchastkalariga joylashtiriladi”.

Xabar qilinganidek, biometrik ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolar saylovlarda qatnasha olmaydi. “Elektron saylov qutilaridan foydalanish ovoz berish nihoyasiga yetishi bilanoq uning natijalari to‘g‘risida dastlabki ma'lumotlar olishga imkon beradi”, - dedi MSK vakili.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda parlament saylovlari 2015 yil 4 oktabrda bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda parlamentdagi deputatlik o‘rinlari uchun 14 partiya kurash olib bormoqda. Ko‘pchilik mutaxassislarning fikricha, saylovlarda amaldagi prezident Almazbek Atambayevning Sotsial-demokratlar partiyasi, shuningdek, “Ata Meken” sotsialistlari va “Bir bol” partiyasi vakillari yetakchilik qiladi.

Top