Ted Kruz AQSh prezidentligi poygasini tark etishini e'lon qildi
AQSh prezidenti lavozimiga nomzod, Texas shtatidan senator Ted Kruz prezidentlik kursisi uchun keyingi kurashdan bosh tortdi hamda g‘alaba qilishga ko‘zi yetmayotganini aytdi. Senator Indianadagi praymerizda partiya bo‘yicha raqibi milliarder Donald Trampdan mag‘lub bo‘lgandan keyin shunday xulosaga keldi.
"Katta afsus, biroq mamlakatimiz kelajagi borasida cheksiz umid bilan men prezidentlik kampaniyamni yakunlashimni aytishim kerak", deb aytdi Kruz o‘z safdoshlariga Indianapolisda. Kruz respublikachilar orasidagi joriy vaziyatdan kelib chiqqan holda o‘zi uchun "g‘alaba qilishga imkoniyatni ko‘rmayotganini" aytdi.
Senator uning shtabi Indianada g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun katta sa'y-harakatlarni amalga oshirganini, biroq "saylovchilar boshqa yo‘l bilan ketishganini" ta'kidlab o‘tdi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, Kruz praymerizda 36 foiz ovoz yig‘di. Uning raqibi Donald Tramp esa 50 foizdan ko‘proq ovoz yig‘ib, g‘olib bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.
Indianadagi ovoz berishda Trampning raqiblari unga qarshi yangi strategiyani qo‘llamoqchi bo‘lishgandi. Buning uchun Kruz shtatdagi saylovlar oldidan tashviqotga jiddiy yondashishi, Ogayo gubernatori Jon Keysik esa 17 may va 7 iyunda Oregon va Nyu-Meksiko shtatlarida o‘tadigan praymerizlar oldidan saylovchilarni katta kuch bilan jalb qilishi kerak edi. Endi ma'lum bo‘lishicha, ularning bu strategiyasi natija bermadi va Keysik Oq uy uchun kurashda respublikachilar orasidan Trampning yagona raqibi bo‘lib qoldi.
Indianadagi praymeriz yakunlariga ko‘ra, 18-21 iyulda Klivlendda bo‘lib o‘tadigan respublikachilar qurultoyining 57 delegati ovozi taqsimlanishi kerak edi. Bu qurultoyda noyabrda prezidentlik saylovlarida partiya nomidan kim ishtirok etishi ma'lum bo‘ladi.
Prezidentlik poygasining yakuniy bosqichida ishtirok etish uchun respublikachilardan nomzod 1237 delegatning ovozini to‘plashi kerak. The New York Times nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, Tramp Indianadagi praymerizgacha 997 ovoz, Kruz 566 ovoz, Keysik esa 153 ovozga ega edi.