22:16 / 15.05.2016
4588

Hindiston yangi o‘rmonlarni yaratish uchun 6 mlrd dollar sarflamoqchi

Hindiston hukumati mamlakatdagi o‘rmonlar maydonini 30 foizga oshirish uchun 6,2 mlrd dollar miqdorida katta mablag‘ sarflamoqchi. Bu haqda Hindiston atrof-muhit va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Prakash Javadekar ma'lum qildi.

"Biz o‘rmonlar maydonini hozirdagi 21 foizdan 33 foizgacha oshirmoqchimiz. Bu bizga nafaqat Hindistonning hayvonot va o‘simlik dunyosining noyob biologik turfaligini saqlab qolishga, balki butun atrof-muhitning sayyora miqyosida sog‘lomlashishiga olib keladi, chunki bu bizga atmosferaga yiliga 2,5 mlrd tonna kamroq uglerod chiqarishga imkon beradi", deb aytdi Javadekar. 

Bu hududlarda ongli tarzda tiklangan o‘rmon xo‘jaligi o‘rmonchilik sanoati sohasida mintaqa aholisi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga imkon beradi, deb aytdi vazir. 

Hindiston milliy dasturi doirasida tushkun ahvolda bo‘lgan 5 mln gektar o‘rmon yerlarini tiklash hamda o‘rmonga ega bo‘lmagan yana 5 mln gektar yerga o‘rmon o‘tqazish ko‘zda tutilgan. Vazirning ma'lum qilishicha, tegishli qonun loyihasi mamlakatning quyi palatasi tomonidan ma'qullangan va yaqin kunlarda parlamentning yuqori palatasi tomonidan tasdiqlanadi. Tegishli mablag‘lar bank hisob raqamlarida ekologik boj deb nomlanuvchi mablag‘lar hisobiga yig‘ilgan. Hindistonda 2006 yildan  korporativ javobgarlik qonuni doirasida yirik kompaniyalar ekologik loyihalarni amalga oshirish uchun sof daromaddan 2 foiz boj to‘lashlari lozim qilib belgilangan.

Yaqin yillargacha Hindistonning katta qismi turli quyuq o‘rmon bilan qoplangan bo‘lgan. Bugungi kunda bunday o‘rmonlar mamlakatning beshdan bir qismidagina qolgan. Biroq mutaxassislar hukumatning bu g‘oyasiga turlicha baho berishmoqda, chunki prognozlarga ko‘ra, 2040 yilgacha aholisi 1,6 mlrd kishiga yetadigan Hindistonda o‘rmon ekish uchun yangi yerlarni bo‘shatish juda murakkab bo‘ladi.

Top