Somalidagi mehmonxonaga hujum oqibatida parlament deputatlari halok bo‘ldi
Somali poytaxti Mogadisho shahrida joylashgan Ambassador mehmonxonasi oldida yuz bergan portlash va uning ortidan kelib chiqqan otishma tufayli halok bo‘lganlar soni 15 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Reyter agentligi xabar bergan.
"Mehmonxonada yashab kelgan parlament a'zolari Muhammam Muhammad va Abdullohi Jamak hujum oqibatida halok bo‘ldi. Mehmonxonada bo‘lgan boshqa deputatlar va yana ko‘pchilikning hayoti saqlab qolindi. Ayni vaqtda qurbonlar soni 15 nafar, yana 20 kishi turli darajada tan jarohatlari olishgan", deya ma'lumot bergan mahalliy politsiya vakili.
1 iyun kuni uyushtirilgan hujum uchun javobgarlikni "Al-Shabob" jangarilari o‘z zimmasiga olgan.
Dastlabki xabarlarda bu hujum tufayli 10 kishi halok bo‘lgani aytilgandi.
"Al-Shabob" 2012 yilda "Al-Qoida"ga qasamyod qilgan va shundan keyin dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bu guruh faoliyati taqiqlangan.