Azaldan el orasida “O‘zbek xalqi-bunyodkor xalq”, degan gap yuradi. Bu bejiz emas. Sababi, sohibqiron Amir Temurning birgina so‘zlari bor: “Agar bizning shon-shuhratimizga shubhalansangiz, biz qurgan imoratlarga boqing”.

Haqiqatan ham o‘zbek xalqi bunyodkor, yaratuvchi xalq. Bugun biz mana shu fazilat bilan dunyo hamjamiyati oldida bemalol faxrlansak arziydi. Sababi, bugun O‘zbekistonda qurilayotgan imoratlar, qad ko‘tarayotgan binolar ko‘pchilikni hayratga solmoqda. Aynan mana shu jarayonda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan kompaniyalardan biri bo‘lmish “Murad Buildings” bugun o‘zining keng ko‘lamdagi ishlari bilan ko‘pichlikning havasini keltirmoqda. Bugungi mehmonimiz mana shu kompaniya rahbari Murod Nazarov. 

-    Ayni paytda juda ko‘p loyihalar ustida ish olib borayotganingizga qaramay, bizga vaqt ajratib tahririyatimizga tashrif buyurganingizdan juda ham xursandmiz. 

-    Sizga ham taklif uchun katta rahmat aytaman. Haqiqatan ishlar juda ko‘p bo‘ladi. Lekin tajribamiz, maslahatlarimizni yoshlarga ulashish - bizning burchimiz. 

-    Juda ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lgan “Murad Buildings” kompaniyasining yaratilish tarixi haqida gapirib bersangiz... 

-    Rahmat. Aslida juda maqtab yubordingiz. “Murad Buildings” kompaniyasining tashkil etilganiga salkam ikki yil bo‘ldi. Lekin buning orqasida yigirma yillik tajriba yotibdi. Aslida, yoshlikda havaskor sifatida qurilish ishlariga qiziqib, bu bilan bevosita shug‘ullanib, uyda buvamga yordam berib, sakkiz yoshimda qo‘llarimni kesib qonatib, shu bilan zavqlanib yurganman. Birinchi uyimni 14 yoshda qurishimga to‘g‘ri kelgan. Otam bilan birga bir uy qurilishini boshlagan edik.

Otamning vafotidan keyin shu uy qurilishini yakunlab qo‘yishga ahd qildim. Chunki, mehr bilan boshlangan ishni oxirigacha tugatmasa yaxshi bo‘lmaydi, deyishadi. Shunday qilib, 14 yoshimda birinchi uyimni qurganman. O‘zimga qiziq bo‘lgani uchun ustalarga yordam berish, charchagan paytlarda ularni qiziq voqealarni so‘zlab bergan holda ruhlantirib, uyning tomlarini yopish, g‘ishtlarini quyish ishlarini ham o‘zim bajarganman.

Uy tayyor bo‘lgach, u yerga yashash uchun ko‘chib o‘tdik. O‘sha uyga ko‘chib o‘tganimizdan keyin men Yaponiyaga grand asosida o‘qishga kirdim. Ukam prezident tomonidan ta'sis etilgan Umid fondi orqali  Angliyaga o‘qishga ketgach, onam “Endi qanday yashayman. Ko‘chib kelishga keldik, endi nima bo‘ladi”, deya yolg‘iz qolishdan qo‘rqib turgan paytlarida elchixonadan chiroyli bir taklif tushgan. So‘ng shu taklif asosida uyni sotib yuborganmiz. Qaytib kelganimizdan so‘ng esa Yaponiyada zo‘r-zo‘r qurilgan uylarni ko‘rmaganmanmi, bu uylar o‘zimga yoqmay qoldi. Undanam zo‘rini qurgim kelib qoldi. Aslida, bu odatning quruvchilarda borligi tabiiy hol. Quruvchiga ish jarayonida yangi g‘oyalar kelib qoladida, "Bo‘ldi, buni qurmayman" deydi. Yoki uyni qurib bo‘lganidan so‘ng yangi, yanada yaxshiroq g‘oyalar kelib qolishi mumkin.