O‘z farzandining hofizi Qur'on bo‘lishini, Allohning kalomini qalbiga joylab, undagi ko‘rsatmalarni hayotining oltin qoidalariga aylantirishini niyat qilgan ota-onalar bor. Umumiy olganda qo‘liga kalomullohni olib, undagi bir dona oyatni tilovat qilgan kishiga bitmas-tuganmas ajr, o‘sha oyat yangragan xonadonda esa bitmas-tuganmas yaxshilik, baraka va fayz bo‘lishi hech kimga sir emas. Ayniqsa, bu kabi savobli ishlar oylar sultoni Ramazonda bo‘lsa...

Shu munosabat bilan Qadriyat.uz saytida hofizi Qur'onlardan biri Hasanxon Yahyo Abdulmajid bilan suhbat uyushtirildi. 

— Qori aka, Ramazon sharif kechalaridagi xatmi Qur'onda qiroatingizdan bahramand bo‘lmoqdamiz. Alloh rozi bo‘lsin. Albatta, bunga erishishda ustozlarning o‘rni beqiyos. Sizga Qur'oni karimdan ta'lim bergan ustozlaringiz haqida eslab o‘tsangiz.

— Ilk ustozimiz padari buzrikvorimiz Yahyoxon qori bo‘ladilar. U kishi otalari Boqibilloh qorida Qur'oni karimni hifz qilganlar. Hayotlarining so‘nggi o‘n yilida masjidda xizmat qilganlar. Avval “Devonaboy” masjidida noibi imom, 1983 yildan “Uyg‘ur” masjidda imom xatiblik qilganlar. 1989 yil olamdan o‘tganlar.

Onamning sa'y-harakatlari bilan bobomiz Habibulloh hoji dada bizni o‘z ustozlari Qobil Oxun domlaning nabiralari, marhum ustozimiz Badriddin qori akaga olib borib topshirganlar. U kishidan hamda ikki ukalari Ziyouddin va Sirojiddin qori akalardan ta'lim olganmiz. Bir qator yodlab yetkazgach, takror va xatmga tayyorgarlikda asosan Badriddin qori akamga o‘qib berganmiz.

— O‘zlari qori bo‘lmagan muxlislar farzandlarini yoshlikdan Qur'oni karimga muhabbatli qilib tarbiyalashda nimalarga e'tibor berishlari kerak? Shuningdek, farzandini qori qilmoqchi bo‘lganlarga qanday tavsiyalar bera olasiz?

—  Bu juda ham muhim va tafsilot talab qiladigan savol. Qisqacha bo‘lsa-da, asosiy e'tibor berish kerak bo‘lgan nuqtalarga to‘xtalib o‘tsak. Ulamolarimiz va ulug‘larimizning bu boradagi tavsiyalari va tajribalarini o‘rganar ekanmiz, farzand tarbiyasi haqida hali oila qurmay turiboq g‘am qilish kerak. Farzandini qori qilmoqchi bo‘lgan kishi hali oila qurmagan bo‘lsa, ushbu niyatiga ko‘mak beradigan juft topishga harakat qilishi matlubdir. Oilaning luqmasiga e'tibor berish ham muhim. Solih, qori bo‘ladigan farzand tilab duoda bo‘lish kerak. Farzand homila chog‘ida onasi ko‘proq Qur'on o‘qishi va eshitishi ham yaxshi natija beradi.

Bolaga ko‘proq Qur'on eshittirish, yosh qorilarning tilovatlarini ko‘rsatish, qorilarning hayotlaridan so‘zlab berish murg‘ak qalbda Qur'on muhabbatini shakllantirishga ham xizmat qiladi.