

1. Umuman yangi platforma
Panameraning yangi ikkinchi avlodi MSB platformasining yangi namunasi negizida barpo etilgan. Bentley Bentayga mashinasi allaqachon mazkur platformani o‘z asosi qilib olgan. Yaqin orada, Bentley Continentalda ham ayni platforma paydo bo‘ladi. Uning o‘ziga xos jihati, doimo barcha g‘ildiraklarning yetakchi bo‘lishida. Avvalgi «Panamera»lar bunday emas edi. Bundan tashqari, uchkamerali pnevmatik podveska - moslashuvchi amortizatorlarga ega. Faol stabilizatorlar hamda orqa o‘qni boshqarish imkoniyati mavjud.
Yangi platformaga o‘tgan Panamera biroz balandroq ko‘rinish olgan. Uning g‘ildiraklar asosi 30 mm kengaygan bo‘lsa, gabarit uzunligi 34 mm uzayib, 5049 mmni tashkil etgan. Eniga ham 5 millimetr kattalashgan. Yukxonasi hajmiga 63 litr qo‘shilib, 495 litrni tashkil etmoqda. Bunda kuzovning orqa qismi tomi 20 mm pasaygan. Mashina kapoti aksincha, uzunroq bo‘lgan.

2. Juda aqlli shassi
Elektromexanik qulflarga ega faol stabilizatorlar, xuddi Bentley Bentayga kabi o‘zining 48 voltli elektr manbaidan quvvat oladi. Uning orqa g‘ildiraklari, soatiga 50 km tezlikda ketayotganda, oldingi g‘ildiraklarga nisbatan 3 daraja ziddiga burilishi mumkin. Bunga qo‘shimcha ravishda shassi 4 xil tartibga ega — Normal, Sport, Sport Plus va Individual. Uni, rul chambaragidagi yumaloq vosita yordamida tanlash mumkin. Sport Chrono to‘plamida esa, mazkur selektor o‘rtasiga Sport Response knopkasi joylangan bo‘lib, u mashinaning barcha elektronikasini 20 soniya ichida eng "qahrli" tartibga o‘tkazadi.

3. Alyuminiyning ko‘pligi
Yangi «Panamera»ning kuzovi — aytish mumkinki, alyuminiy va temirning murakkab qorishmasidir. Kuzovning barcha tashqi panellari va ayrim ichki qismlari alyumindan yasalgan. Qolgan butlovchi qismlar juda pishiq po‘lat qotishmalardan ishlab chiqilgan. Yangi kuzov, avvalgisidan 50 kgga yengllashgan bo‘lsa ham, Panamera Turbo elektronikaning ko‘pligi bois, 25 kgga og‘irlashib, 1995 kgga yetgan.
















