Jahon | 15:14 / 12.07.2016
6525
2 daqiqa o‘qiladi

Haaga sudi Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi da'volarini rad etdi

Haaga xalqaro sudi qaroriga ko‘ra, Xitoyni Janubiy Xitoy dengizi hududidagi bahsli orollarga egalik qilish uchun «tarixiy huquqi» yo‘q. Bu haqda Reuters xabar tarqatdi.

Haaga arbitraj sudi a'zolari qaroriga ko‘ra, XXR Spratli arxipelagiga da'vo qilish orqali Filippin huquqlarini buzadi.

Xitoy Mudofaa vazirligi ma'lum qilishicha, sudning Janubiy Xitoy dengizi bo‘yicha qarori Xitoy suverenitetiga ta'sir ko‘rsata olmaydi.

Filippin TIV tomonidan ma'lum qilinishicha, «filippinliklar bu qarorni hurmat bilan qarshi oladi va uning muhimligini e'tirof etadi». Shu bilan birga ular bu qaror mintaqaga «osoyishtalik keltirishi»ga ishonch bildirgan.

Janubiy Xitoy dengizining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan Spratli orollariga Vetnam, Xitoy, Tayvan, Malayziya, Filippin va Bruney da'vogarlik qiladi. Arxipelag ham geosiyosiy, ham iqtisodiy jihatdan muhim: taxminlarga ko‘ra, bu yerda katta neft va gaz zaxirasi mavjud.

Mintaqadagi vaziyat Xitoy marjon qoyalardan biriga asoslanib sun'iy orollar qurishga faol kirishganidan so‘ng keskinlashgan. Filippin prezidenti Benigno Akino III Xitoyning aybi bilan mintaqada keng miqyosli harbiy nizo kelib chiqishi mumkinligidan ogohlantirgandi. Rasmiy Manila arxipelagning boshqa bir qismida obektlarni «qayta tiklash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha ishlar» qayta boshlanishini e'lon qilgan. Ushbu bahsda AQSh Filippinni faol qo‘llab-quvvatlaydi.