Jahon | 21:41 / 22.09.2016
14525
2 daqiqa o‘qiladi

IShID jangarilari Turkiya hududiga raketa otdi

IShID jangarilari Suriya hududidan turib Turkiya janubiga raketa yo‘lladi. Bu haqda Reuters xabar tarqatgan.

Xabar qilinishicha, raketa chegara hududdagi Kilis shahriga kelib tushgan. Kamida bitta raketa aholi gavjum bo‘lgan savdo-sotiq hududiga kelib tushgan.

Tibbiyotchilarning ma'lum qilishicha, 6 kishi jarohatlangan, ularning 5 nafari bolalardir. Jabrlanganlarning barchasi suriyalik qochqinlar ekani ma'lum bo‘lgan. Jabrlanuvchilar shifoxonaga yetkizilgan, ularning hayotiga xavf tahdid solmayapti.

2016 yil boshidan buyon Suriya shimolidagi IShID nazorati ostidagi hududdan Turkiya hududiga yo‘llangan raketa zarbalari oqibatida Kilisda 21 kishi halok bo‘lgan, 80 kishi jarohatlangan. 22 sentabr kuni kelib tushgan raketa Turkiya harbiylari Suriyada 24 avgust kuni "Frot qalqoni" amaliyoti boshlashidan beri ilk marta raketa kelib tushishi bo‘ldi.

"Frot qalqoni" amaliyoti doirasida Suriyaga tanklar va artilleriya bo‘limlari hamda maxsus topshiriqli harbiylar olib kirildi. Amaliyotdan asosiy maqsad - chegara hududini IShID jangarilaridan tozalash hisoblanadi. Keyinroq, bu amaliyot kurdlarga qarshi ekani ham ma'lum bo‘ldi. Turkiya IShIDdan ozod qilingan hududlarni Suriya muxolifatiga olib bermoqda.

Mavzuga oid