O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga muvofiq Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Ehtiyojlarni baholash missiyasini (EBM) O‘zbekistonga yuborishga qaror qildi. Missiyaning mamlakatimizga tashrifi mobaynidagi vazifalari xususida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati rahbari Nizomiddin Nurmatov bilan suhbat uyushtirildi. 

- Xalqaro kuzatuv institutining o‘rni  nimadan iborat va kuzatuvni amalga oshirish qanday mexanizmlari mavjud?

- Saylovlarning xalqaro kuzatuvi instituti ochiqlik va oshkoralikni ta'minlashga, saylov jarayoni nufuzi ortishiga, shuningdek, demokratik saylov o‘tkazish masalalari bo‘yicha tajriba va axborot almashishga xizmat qiladi.

YeXHT makonida saylovlarning xalqaro kuzatuvi instituti YeXHK Konferentsiyasi yakunlari bo‘yicha 1990 yil iyunda qabul qilingan Kopengagen hujjatida nazarda tutilgan. 1990 yil noyabrda Parijda bo‘lib o‘tgan YeXHK Konferentsiyasida ishtirok etuvchi davlatlar “Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi” yakuniy hujjati qabul qilinib, shtab-kvartirasi Varshava shahrida joylashadigan “Ishtirok etuvchi davlatlardagi saylovlarda aloqalar va axborot almashuviga sharoit yaratish uchun erkin saylovlar byurosi”ni tashkil etish majburiyatini o‘z zimmalariga oldilar. 1992 yilda bu tashkilot “Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byuro” deb nomlana boshladi va uning vazifalari inson huquqlariga aloqador boshqa sohalarga ham kengaytirildi.

O‘tgan davr mobaynida YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi YeXHTga 57ta a'zo davlatlarning  barchasida 300dan ziyod saylovning kuzatuvini amalga oshirdi. Ularning 170 dan ortig‘i parlament, 77 tasi - prezident saylovlari, shuningdek, 60 ga yaqin referendum va mahalliy hokimiyat organlari saylovlaridir. Ko‘rsatib o‘tilgan missiyalar tarkibida YeXHTga barcha a'zo davlatlar, shu jumladan O‘zbekistondan 50 mingdan ziyod ekspertlar ishtirok etdi.

2013-2016 yillarda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Rossiya, Finlyandiya, Germaniya, AQSh, Chexiya, Slovakiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Qozog‘iston kabi mamlakatlardagi parlament va prezident saylovlarida ham kuzatuvlarini amalga oshirdi. 

O‘zbekiston saylov qonunchiligi xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlar vakillarining O‘zbekiston Respublikasi saylovlarida kuzatuvchilar sifatida ishtirok etishi imkoniyatini nazarda tutadi. Xususan, ularga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida hamda ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqi berilgan. Ya'ni kuzatuv saylov jarayonining barcha bosqichlarini qamrab oladi. Ushbu holat xalqaro amaliyotda kam uchraydigan majburiyat hisoblanadi.