O‘zbekiston | 15:29 / 06.10.2016
24545
3 daqiqa o‘qiladi

Sergeli tumanida 500 ta ko‘p qavatli uy barpo etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi

Foto: «Uybor.uz»

Toshkent shahar hokimligida «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonun ijrosini ta'minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Unda Sergeli tumanining ishlab chiqarish salohiyati, olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, investitsiya imkoniyatlari, hududda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, yangi ish o‘rinlari yaratish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash masalalari xususida so‘z yuritildi.

Sergeli tumani hokimi F.Maqsudxo‘jayev yirik dasturlardan biri – Sergeli tumanida 2017—2022 yillarda 500 ko‘p qavatli uyning bunyod etilishi bilan bog‘liq loyiha ishlab chiqilganiga alohida to‘xtaldi. Bu ulkan loyihaning amalga oshirilishi qariyb 30 ming oilaning yangi uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkonini yaratadi.

Tumanda yangi transport-kommunikatsiya tarmoqlari, madaniy-maishiy obektlar bunyod etish, yer usti tezyurar metro yo‘nalishlari qurilishini loyihalashtirish ishlarini jadallashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Tumanda beshta yirik sanoat, 144 qo‘shma, 300 dan ziyod kichik korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Iqtisodiyotni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash, xorijiy sarmoyalarni jalb etish borasidagi izchil chora-tadbirlar natijasida tumanda sanoat mahsulotlari, iste'mol tovarlari ishlab chiqarish, eksport ko‘rsatkichi dinamikasi muttasil ortib bormoqda.

Joriy yilda yirik korxonalar tomonidan 9 milliard so‘mlikdan ziyod sanoat, 5 milliard so‘mlikdan ortiq iste'mol mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida mahallalardagi ko‘p qavatli turar joy binolari joriy va kapital ta'mirlandi. Mavjud xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga bugungi kunga qadar tijorat banklari tomonidan qariyb 3 milliard so‘mlik kredit mablag‘i ajratilgan.

Tumanda aholini manzilli ijtimoiy himoyalashga alohida e'tibor qaratilmoqda. 2017 yilda 7 ming 400 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Bunda yangi ishlab chiqarish obektlarini ishga tushirish, mavjud korxonalarni modernizatsiyalash va quvvatlarini kengaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatiga keng imkoniyatlar yaratish, kasanachilikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratiladi.

Hududdagi 7 kasb-hunar kolleji moliya, iqtisodiyot, tibbiyot, yengil sanoat, pedagogika va boshqa yo‘nalishlarga ixtisoslashgan bo‘lib, joriy o‘quv yilida ushbu o‘quv maskanlarini bitirgan 1 ming 871 yigit-qizning bandligi ta'minlandi. Kollejlarda o‘quvchilarning davomati, o‘zlashtirishini doimiy tahlil etib borishda xotin-qizlar qo‘mitasi, pedagoglar, mahalla faollarining hamkorligi keng yo‘lga qo‘yilgan.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.

Mavzuga oid