Bugun Kolumbiya hududida, Medelin shahri yaqinida bortida 22 nafar futbolchi ham bo‘lgan yo‘lovchi samolyot aviahalokatga uchradi. Samolyot bortida Braziliyaning «Shapekoense» jamoasi futbolchilari ham bo‘lgan. Ular Medelinga Kopa Sudamerikana musobaqasida «Atletiko Nasonal»ga qarshi 1 dekabrda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan uchrashuvga uchib ketayotgandi.

20 jamoa ishtirok etadigan Braziliya A seriyasida 37-turdan keyin 9-o‘rinni egallab turgan «Shapekoense» jamoasi Janubiy Amerika mintaqasi klublari o‘rtasidagi Kopa Libertadores turniridan keyin nufuzi jihatdan ikkinchi o‘rinda turadigan Kopa Sudamerikano musobaqasi finaliga chiqqandi.

Bortda jami 81 kishi bo‘lgan: 72 yo‘lovchi (48 kishi klub delegatsiyasi vakillari va 21 nafar jurnalist) va ekipajning 9 nafar a'zosi.

Kolumbiyadagi samolyot halokati hududida olingan suratlar tarqaldi

Omon qolganlar: 5 kishi, jumladan 3 futbolchi, bir massajchi hamda styuardessa omon qolgan. Ular ayni vaqtda shifoxonaga yetkazilgan.

Mahalliy politsiya 75 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi.

Dastlab  omon qolgan futbolchilar  «Shapekoense» himoyachisi Alan Rushel va yarim himoyachi Jyekson Follmann ekani aytildi.

Keyinchalik darvozabon Markos Danilo Padile ham tirik qolgani ma'lum bo‘ldi.

Lamia aviakompaniyasi samolyoti halokatdan oldin favqulodda vaziyat haqida yerdagilarni ogohlantirgan: elektr jihozlar ishdan chiqqandi. Samolyot Medelin shahri yaqinida, aeroportga 50 kilometr masofa qolganida qulagan. Qulashdan oldin portlash ro‘y bermagani ba'zi yo‘lovchilarning omon qolishiga sabab bo‘ldi.

«Shapekoense» aviahalokatga uchragani sababli Janubiy Amerikada xalqaro o‘yinlar bekor qilindi

«Shapekoense» jamoasi o‘rta sig‘imli BAe 146 samolyotida uchgandi. Aynan shu samolyotdan bir oy oldin Argentina terma jamoasi va Lionel Messi foydalangandi.