Sport | 11:30 / 08.12.2016
5603
2 daqiqa o‘qiladi

«Milan» klubining sotilishi jarayoni to‘xtab qoldi

«Milan» klubi Xitoyning Sino-Europe Sports konsorsiumiga sotilish ishlari bahorga qoldirildi. Klub xo‘jayini Silvio Berluskoni savdo 13 dekabr kuni amalga oshirilishini rejalashtirgandi, ammo sotish ishlari bahorga qoldirilgan.

Associated Press nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, kelishuv 2017 yilning 3 mart kuni amalga oshishi mumkin. Buning sabablari oshkor qilinmagan. 

Qo‘shimcha qilinishicha, jarayonni to‘xtatib turgani uchun Sino-Europe Sports 100 mln yevro miqdorida qo‘shimcha depozit to‘laydi.

Qayd etish kerakki, kelishuv shu yilning yozidayoq yopilishi kutilgandi, keyin kuzga qoldi, keyin esa 13 dekabrga ko‘chirilgandi. Lekin xitoyliklar qog‘ozbozlik bilan bog‘liq muammolar tufayli kapital olib kira olishmayapti.

Kelishuvga ko‘ra, xitoyliklar hamda Berluskonining Fininvest kompaniyasi jamoani birgalikda boshqaradi. Kelishuv qiymati 740 million yevroga baholangan. Hozirda Berluskoni «Milan» aksiyalarining 99,93 foiziga egalik qiladi.

Bundan oldinroq, Silvio Berluskoni agar klub sotilmaydigan bo‘lsa, yangi yo‘nalish olishini aytgan edi.

«Milan» 15 tur o‘yinlaridan keyin Italiya chempionatida uchinchi o‘rinda bormoqda. Jamoa oxirgi marta 2010/11 yilgi mavsumda chempion bo‘lgan.

Mavzuga oid