20:00 / 13.12.2016
8333

Isroilga 5-avloddagi ilk F-35 qiruvchi samolyotlari yetib keldi

12 dekabr kechki vaqt Isroilning Nevatim aerodromiga AQShdan bir nechta oraliq qo‘nishlarni amalga oshirib, Isroil harbiy-havo kuchlari uchun qurilgan, 5-avloddagi ikkita yangi Lockheed Martin F-35I Lightning II qiruvchi samolyotlari keltirildi. Isroil uchun mo‘ljallangan samolyotlarga nomidan keyin I indeksi berilgan. Isroilda bu samolyotlar Adir, ya'ni "ajoyib" deb nomlanadi. Samolyotlarni qabul qilib olish marosimi Italiyadagi tuman sababli belgilangandan 6 soat keyin bo‘lib o‘tdi. Marosimda ko‘plab yuqori lavozimdagi amaldorlar ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Newsru.co.il.

Mansabdor shaxslar orasida AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Isroil prezidenti Reuven Rivlin, Isroil mudofaa vaziri Avigdor Liberman, Isroil HHK ko‘mondoni Amir Eshel, AQShning Isroildagi elchisi Daniel Shapiro bo‘ldi. 

Isroil AQShdan keyin bu ko‘p maqsadli samolyotlarni olgan ikkinchi davlat bo‘ldi. Bu samolyotlar F-35I kabi belgilansa-da, mutaxassislarning fikricha, standart F-35A’ga ozmi-ko‘pmi o‘xshash bo‘lib, F-35I’ga Isroil qurilmalarini 2020 yildan boshlab integratsiya qilish kutilmoqda. Bu Isroil uchun sotib olgan samolyotlariga o‘z qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha oddiy holdir. Misol uchun, Isroilga mo‘ljallangan F-16 samolyotlari AQShnikidan ancha farq qiladi. Xususan, bu samolyotlar Isroilda ishlab chiqarilgan radioelektron qurilmalar bilan jihozlangan.

Ma'lum qilinishicha, samolyotlar isroillik uchuvchilar tomonidan biror marta uchib ko‘rilmagan. Isroillik uchuvchilar Arizonadagi mashg‘ulot bazasida uchish amaliyotiga ega bo‘lgan norvegiyalik va avstraliyalik uchuvchilardan farqli ravishda, samolyotlarda uchishni faqatgina trenajyorlarda mashq qilishgan.

 

Top